Kosonsoylik o‘quvchi minitraktor yaratdi

Kosonsoylik o‘quvchi minitraktor yaratdi

Namangan viloyati Kosonsoy tumanidagi 54-umumtaʼlim maktabining 8-sinfini tugallayotgan Muhammadsodiq Abuhalimovning aniq fanlarga qiziqishi texnik ixtirolarga boshladi.

U bir yildirki, otasi Umarjon Yoʻldoshev koʻmagida minitraktorlar tayyorlab kelmoqda. Yigitcha yaratgan traktor yordamida yer agʻdarish, chopiq va boshqa agrotexnik yumushlarni bemalol bajarsa boʻladi. Bunday ixcham texnika uncha katta boʻlmagan fermer va dehqon xoʻjaliklari, ayniqsa, tomorqa egalari uchun juda qulay. Har bir traktorni tayyorlashga ketadigan xarajat uncha koʻp emas- uzogʻi bilan 10-12 million soʻmga boradi. Ixcham, qulay va shunga yarasha ish samaradorligi ham yaxshi boʻlgan texnikani 20 – 21 million soʻm atrofida sotilayotir.

Ota va ixtirochi oʻquvchi oʻtgan qisqa vaqtda 8 ta qishloq xoʻjalik mashinasini tayyorlab sotuvga chiqarishdi. Xaridorlar asosan, Fargʻona, Andijon viloyatlaridan, yaqinda minitraktorlardan birini Toshkent viloyatining Parkent tumanidan kelib olib ketishdi.

Yosh traktorsoz oilasi topayotgan daromadga ham baraka kirib qoldi. Shu kunga qadar sotilgan mini traktorlardan kelgan foyda hisobiga «Spark» avtomashinasi xarid qilishdi. Shunga aytishsa kerakda, “Boʻladigan bola boshidan maʼlum” deb.