Qoraqalpoq davlat universiteti talabasi "Mard o‘g‘lon" davlat mukofoti bilan taqdirlandi

Qoraqalpoq davlat universiteti talabasi "Mard o‘g‘lon" davlat mukofoti bilan taqdirlandi

Prezidentimizning "Mard o‘g‘lon" davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risidagi qarori bilan Qoraqalpog‘istonlik ikki nafar faol yoshlar ham mukofotlandi.

Yosh, faol yigitlar uchun ta’sis etilgan mazkur mukofotning joriy yilgi sohiblaridan biri – Qoraqalpoq davlat universitetining 4-kurs talabasi Otabek Raximbayevdir.

O.Raximbayev yosh bo‘lishiga qaramasdan ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritgan. Shu kungacha uning 20 dan ortiq ilmiy-tadqiqot ishlari eng nufuzli xalqaro jurnal va konferensiya to‘plamlarida chop etilgan. U 50 dan ortiq forum, konferensiya, sammit va tanlovlarda faol qatnashgan. Shundan 30 dan ortig‘ining tashkilotchisi hamdir. 20 ga yaqinining g‘olibi sanaladi.

"Osiyo yoshlar konferensiyasi"da "Ekologiya" yo‘nalishi raisi o‘rinbosari bo‘lib qatnashib "Eng faol rais o‘rinbosari" nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi. Shuningdek, "Yosh bloger" Respublika tanlovi faxrli 1-o‘rin sohibi. "Yil talabasi – 2019" Respublika tanlovida "Eng faol blogger" nominatsiyasi g‘olibi bo‘lgan.

O.Raximbayev mehnat faoliyatini 2019-yildan www.orol24.uz internet sayti bosh muharriri bo‘lib ishlashdan boshlagan. Ayni paytda Qoraqalpoq davlat universiteti, Geografiya va tabiiy resurslar fakultetida tahsil olmoqda. 2019-yil sentyabr oyidan O‘zbekiston Ekologik harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha Ekologik nazorat jamoatchi inspektori sifatida faoliyat olib bormoqda va ekologik muammolarni bartaraf etishda jonbozlik ko‘rsatayotir.