"Mard o‘g‘lon"ni tengdoshlariga namuna qilib ko‘rsatsak arziydi

"Mard o‘g‘lon"ni tengdoshlariga namuna qilib ko‘rsatsak arziydi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 26-avgustdagi "Mard o‘g‘lon" davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan fan, ta’lim, tibbiyot, madaniyat, adabiyot, san’at, sport, ishlab chiqarish, harbiy xizmat sohalari va huquqni muhofaza qilish, faoliyatida erishgan alohida yutuqlari uchun mamlakatimizning bir guruh iqtidorli yigitlari mukofotlandi.

Taqdirlanganlar safida Furqat tumani Karmak qishlog‘ida yashovchi Asilbek Ahadjonovning borligi barchamiz uchun quvonchli voqea bo‘ldi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, istiqlol bilan tengdosh tumanimiz nomini butun respublikada munosib himoya qilgan "Mard o‘g‘lon"ni har qancha e’tirof etsak, tengdoshlariga namuna qilib ko‘rsatsak arziydi.

Asilbek O‘zbekiston davlat konservatoriyasi "Akademik ijrochilik" fakulteti "Xalq cholg‘ularida ijrochilik" ta’lim yo‘nalishida tahsil oladi.

U konservatoriyada tahsil olish davrida o‘z ustida muntazam ishlab nazariy bilim va amaliy ijro ko‘nikmalarini oshirish orqali ijrochilikdagi turli uslublarini egallashga erishmoqda. O‘z cholg‘u sozini sevadi, ijrochilik mahoratini oshirish yo‘lida tinmay izlanadi.

Tinimsiz mehnat va izlanish 2011 yilda o‘z samarasini ko‘rsata boshladi. Asilbek Qarshi shahrida o‘tkazilgan «M.Qori-Yoqubov» nomidagi Respublika ko‘rik tanlovining I o‘rin sohibi bo‘ldi.

2014-yilning mart oyida o‘tkazilgan "Farrux Mirusmonov" nomidagi tanlovda I o‘rinni qo‘lga kiritdi.

2014-yilda Fransiyaning Parij shahrida o‘tkazilgan "Parijskiye ritmi" nomli Xalqaro ko‘rik tanlovining GRAN-PRIsiga loyiq topildi.

2014-yil Toshkent shahrida o‘tkazilgan "Ona yurt ohanglari" nomli I Xalqaro ko‘rik-tanlovida Diplom bilan taqdirlandi.

2015-yilning mart oyida Rossiyaning Qozon shahrida o‘tkazilgan "Jivoy rodnik" nomli VI Xalqaro ko‘rik-tanlovida I o‘rinni egalladi.

2015-yilning aprel oyida o‘tkazilgan "San’at maktabi" televizion festivalining faol ishtirokchisi sifatida qimmatbaho sovrinni qo‘lga kiritdi.

2015-yilning noyabr oyida Qozog‘iston Respublikasining Chimkent shahrida o‘tkazilgan "Darыn" nomli Xalqaro tanlovida qatnashib faxrli I o‘rinni egalladi.

2016-yilning iyun oyida Italiyaning Rim shahrida o‘tkazilgan Xalqaro ko‘rik-tanlovda I o‘rinni egalladi.

2016-yil "Ona-yurt ohanglari" II Xalqaro ko‘rik-tanlovida faxrli I o‘rin bilan taqdirlandi.

2016-yilning iyun va noyabr oylarida "Nihol" mukofotining tuman xamda viloyat bosqichlarida g‘olib sifatida tanilib, 2017-yil iyul oyida o‘tkazilgan Respublika bosqichida Faxriy yorliq bilan taqdirlandi.

2017-yilning dekabr oyida "Yoshlar ittifoqi" Markaziy kengashi tomonidan "O‘zbekiston belgisi" ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

2019-yilning avgust oyida "Nihol" mukofotiga sazovor bo‘ldi.