Dilfuza Mhkamova:"Vatan bizdan buyuk ishlar kutmoqda!"

Dilfuza Mhkamova:"Vatan bizdan buyuk ishlar kutmoqda!"

Yurtboshimizning 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston yoshlariga yo‘llagan bayram tabrigini o‘zgacha hayajon bilan qabul qildim. Negaki, bayram tabrigidagi e’tirof va e’tibor mening hayotimda ham o‘z samarasini ko‘rsatib kelmoqda. Yaqin yillar mobaynida erishganlarim, eng avvalo, mana shu baxtiyor o‘lkaning baxtli farzandi ekanligim, jamiyat hayotida o‘z o‘rnimga ega bo‘lishim uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va o‘z so‘zimni erkin ifoda etayotganim, farzandlarim kulgisi – bularning barchasida yurtimizda yoshlar siyosati bo‘yicha olib borilayotgan olamshumul islohotlarning natijasi deb bilaman.

Bayram tabrigida "Bugungi kunda mamlakatimizda yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda azmi shijoatli yoshlarimizning o‘rni va ta’siri tobora ortib borayotgani hammamizni quvontiradi", deb alohida e’tirof etib o‘tilgan. Darhaqiqat, parlament va xalq deputatlari mahalliy Kengash deputatlari orasida yosh deputatlarning o‘rni alohida ekani, davlat boshqaruvi organlarida yosh rahbarlarning ishtiroki va tashabbusi xalqimizning farovon turmushiga xizmat qilayotgani, xalqaro sport musobaqalari va fan olimpiadalarida o‘zbek yoshlarining g‘alabasini alohida ta’kidlab o‘tish joiz.

Shu yilning mart oyida poytaxtimizdagi Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabida bo‘ldim. Ushbu ta’lim maskanida tahsil olayotgan o‘quvchilarning o‘zbek tili va adabiyoti, ijod sirlarini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini kuzata turib Prezidentimizning 2019 yil 26 dekabrda Abdulla Qodiriy ijod maktabiga tashriflari davomida "Abdulla Qodiriy ijod maktabida o‘qiyotgan bu bolalar yangi O‘zbekistonning kelajagi bunyodkorlaridir. Barcha umumta’lim maktablari ushbu o‘quv dargohidan ma’naviyatni, ma’rifatni o‘rganishi lozim. Chunki bu yerda tahsil olayotgan bolalar nafaqat ma’naviyatli, balki o‘z vatanini yurakdan sevuvchi iste’dod egalari. Bu maktabda millatparvar, o‘zligini anglagan avlod kamol topishiga ishonaman" deya e’tirof etganliklari bugun o‘z samarasini bermoqda. Ayniqsa, Yoshlar kuni munosabati bilan yoshlarga yo‘llagan bayram tabrigida ham ijod maktablari xususida alohida to‘xtalib o‘tgani yana bir bor mana shu ishonchning ezgu namunasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Prezidentimiz bayram tabrigida karantin sharoitiga qaramasdan, 6 milliondan ortiq maktab o‘quvchilari, 468 ming talaba o‘quv dasturlarida belgilangan darslarni o‘z vaqtida va sifatli o‘zlashtirganini alohida ta’kidladi. Shu o‘rinda aytishim joiz, mening 1 sinfda tahsil olayotgan farzandim ham ko‘plab tengdoshlari qatori online darslarda qatnashib mashg‘ulotlarni qiynalmasdan o‘zlashtirdi. Yosh ona sifatida “Online-maktab” loyihasi doirasida malakali pedagoglar jalb etilgani, mashg‘ulotlarga o‘quvchi e’tiborini qaratishning eng samarali usullaridan foydalanganida deb qabul qildim.

"So‘nggi uch yilda 2 ming 668 ta yosh oilaga uy-joy uchun 121 milliard 244 million so‘m boshlang‘ich to‘lov mablag‘lari 20 yil davomida foizsiz qaytarish sharti bilan to‘lab berildi", deya ta’kidlanadi bayram tabrigida. Darhaqiqat, yosh oilalarga bo‘lgan e’tibor, ularning yashash sharoitini yaxshilash Davlatimiz rahbarining e’tibor markazida bo‘lib kelmoqda. Mana shu imkoniyatdan foydalangan holda bizning oilamizga ham Jizzax shahri markazida qad ko‘targan "Yoshlar uyi"dan 3 xonali xonadon ajratildi. Yosh oila vakilasi sifatida bu e’tibor va ishonch bizning zimmamizga ulkan mas’uliyat yuklashini doimo his etaman.

Shuningdek, Yurtboshimiz bayram tabrigida "Yoshlar – kelajagimiz” dasturi, "Har bir yoshga – bir gektar” loyihasi, "Saxovat va ko‘mak" umumxalq harakati faoliyati, oliy ta’limdagi imkoniyatlar, "G‘alaba bog‘i", "Shon-sharaf" muzeyi, Toshkent shahrining tarix muzeyi vaAdiblar xiyobonining yoshlar ma’naviyati yuksalishiga xizmat qilishi alohida ta’kidlangan.

Prezidentimizning 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston yoshlariga yo‘llagan bayram tabrigi biz yoshlarni yanada shaxt bilan harakat qilishga, o‘tayotgan har bir daqiqa, har bir kunni qadriga yetish naqadar muhimligini his etish, Vatan oldidagi burchimizni chuqur anglash mas’uliyatini yanada olovlantirdi.


Dilfuza MAHKAMOVA,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mutaxassisi,
Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori