"Yosh kitobxon" Respublika tanlovi
Kitob o'qi, g'olib bo'l va qo'lingni tut! "Spark" kalitini beramiz!
-
1. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom yoshlar o‘rtasida “Yosh kitobxon” tanlovini (keyingi o‘rinlarda – Tanlov deb yuritiladi) o‘tkazish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Tanlov yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilgan ustuvor vazifalarni izchil amalga oshirishga yo‘naltirilgan.
3. Tanlovni yuqori saviyada o‘tkazish uchun O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi vazirliklari tashkiliy-amaliy ishlar bo‘yicha, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti ilmiy-ijodiy ishlar bo‘yicha mas’ul tashkilotlar etib belgilanadi.
4. Respublikada istiqomat qilayotgan millati va tilidan qat’iy nazar 10 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan barcha yoshlar Tanlovda ishtirok etish huquqiga ega. Ishtirokchilar talabidan kelib chiqib, ularning Tanlov jarayonida rus va qoraqalpoq tillaridan foydalanishiga ruxsat beriladi.
5. Tashkiliy qo‘mita Tanlov nizomiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish vakolatiga ega.
-
2. Tanlovdan ko‘zlangan maqsad va vazifalar
6. Qadimiy va betakror diyorimizdan yetishib chiqqan buyuk alloma, adib va mutafakkirlarimizning boy ma’naviy merosini, umumbashariy sivilizatsiya, madaniyat, dunyoviy va diniy ilm-fan taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ ajdodlarimizning noyob asarlarini asrab-avaylash, kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish, ularning nodir merosini, ibratli hayoti va ijtimoiy faoliyatini har tomonlama chuqur o‘rganish va targ‘ib etish, yoshlarimizni o‘zlikni anglash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ular o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini keng ommalashtirish maqsadida tashkil etiladi.
7. Tanlovni tashkil etish orqali quyidagi vazifalar bajarilishi ko‘zda tutiladi:
yoshlarning barcha qatlamlarini kitob o‘qishga da’vat etish hamda kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqish va intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, joylarda adabiy muhit shakllanishiga erishish;
yoshlar ongida Vatanimiz tarixi, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ijtimoiy hayot haqidagi tushuncha va bilim-ko‘nikmalarini yanada yuksaltirish;
qadimiy va betakror diyorimizdan yetishib chiqqan buyuk alloma, adib va mutafakkirlarimizning boy ma’naviy merosini, umumbashariy sivilizatsiya, madaniyat, dunyoviy va diniy ilm-fan taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ ajdodlarimizning noyob asarlarini asrab-avaylash;
yoshlarni o‘zlikni anglash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ular o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini keng ommalashtirish.
-
3. Tanlovni tashkil etish va o‘tkazish tartibi, baholash mezonlari
8. Tanlovni tashkil etish va uni o‘tkazish vazifasi Respublika ishchi guruhi zimmasiga yuklatiladi.
Respublika ishchi guruhi:
Tanlov o‘tkazish borasida qaror qabul qiladi;
Tanlovning asosiy bosqichlari va tartib-qoidalari haqida ishtirokchilarni xabardor qiladi;
barcha ishtirokchilar uchun teng sharoitlarni yaratadi;
tanlov o‘tkazish borasida oshkoralikni ta’minlaydi;
muddatidan oldin Tanlov natijalari haqida ma’lumotlar tarqalishining oldini olish choralarini ko‘radi;
Tanlov ishtirokchilari o‘rtasida yuzaga keladigan nizolarni hal etadi;
mazkur Nizomga asoslangan holda Tanlovni o‘tkazilishini tashkil etadi.
9. Tanlovda ishtirok etishni xohlovchi yoshlar O‘zbekiston yoshlar ittifoqining ta’lim muassasalaridagi boshlang‘ich tashkilotlari yoki mahalliy Kengashlariga ariza bilan murojaat qilib, o‘zi haqidagi tegishli ma’lumotlar (tanlov anketasi, tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma yoki pasport nusxalari)ni taqdim etadi.
10. Tanlovda yoshlar o‘zlari yashayotgan yoki o‘zlari o‘qiyotgan (ishlayotgan) muassasasi joylashgan hududdan ishtirok etadi.
11. Tanlov quyidagi uchta yosh toifasi bo‘yicha alohida-alohida tartibda o‘tkaziladi:
10 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan yoshlar;
15 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan yoshlar;
20 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar.
Tanlovda ishtirokchilarning yoshi ariza topshirgan sana bo‘yicha inobatga olinadi.
12. Tanlov to‘rt bosqichda tashkil etiladi.
Birinchi bosqich tanlovning arizalar qabul qilish va saralash bosqichi bo‘lib, unda tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan yoshlardan arizalar qabul qilinadi va ishtirokchilar test sinovi asosida saralanadi.
Arizalar har yili 1 iyun kuniga qadar O‘zbekiston yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkilot yetakchilari hamda tuman (shahar) Kengashlari tomonidan qabul qilinadi.
Test sinovi har yili iyun oyida o‘tkaziladi. Unda ariza topshirgan yoshlar o‘zbek va jahon adabiyotiga, buyuk adiblarimiz hayoti va ijodiga oid 50 ta test savollariga javob berishadi.
Har bir to‘g‘ri javob uchun 2 balldan belgilanadi.
Test natijalariga ko‘ra 86 va undan yuqori ball to‘plagan ishtirokchilar keyingi (ikkinchi) bosqichda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.
Ikkinchi bosqich tanlovning mahalliy bosqichi bo‘lib, har yili iyul oyida barcha tuman (shahar)lar miqyosida saralash bosqichida 86 va undan yuqori ballni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar o‘rtasida quyidagi shartlar asosida o‘tkaziladi:
“O‘zbek adabiyoti bilimdoni” sharti.
Ushbu shartda Respublika ishchi guruhi tomonidan tavsiya etilgan o‘zbek adabiyotiga oid kitoblarning mazmun-mohiyati, g‘oyasi va ahamiyatini ishtirokchilarning sharhlab berishi so‘raladi. Sharhlash jarayonida ishtirokchi bilimini tekshirish maqsadida Hakamlar hay’ati tomonidan qo‘shimcha savollar berilishi mumkin.
Ishtirokchilar badiiy asar nomini bilet tortish orqali tanlaydi, tayyorgarlik ko‘rish uchun 1 daqiqa, javob berish uchun 3 daqiqa vaqt belgilanadi. Mazkur shart uchun 100 ballgacha baho beriladi.
“Jahon adabiyoti bilimdoni” sharti.
Ushbu shartda Respublika ishchi guruhi tomonidan tavsiya etilgan jahon adabiyotiga oid kitoblarning mazmun-mohiyati, g‘oyasi va ahamiyati to‘g‘risida ishtirokchilar sharhlab berishi so‘raladi. Sharhlash jarayonida ishtirokchi bilimini tekshirish maqsadida Hakamlar hay’ati tomonidan qo‘shimcha savollar berilishi mumkin.
Ishtirokchilar kitob nomini bilet tortish orqali tanlaydi, tayyorgarlik ko‘rish uchun 1 daqiqa, javob berish uchun 3 daqiqa vaqt belgilanadi. Mazkur shart uchun 100 ballgacha baho beriladi.
Har bir yosh toifasi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar (jami 3 nafar) hududiy bosqichga yo‘llanma oladi.
Uchinchi bosqich tanlovning hududiy (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar) bosqichi bo‘lib, har yili avgust-oktyabr oylarida quyidagi 2 ta shart asosida teletanlov shaklida o‘tkaziladi.
“Buyuk mutafakkir va adib” sharti.
Ushbu shartda Ekspertlar komissiyasi tomonidan tavsiya etilgan ulug‘ allomalar, o‘zbek va jahon adabiyoti namoyondalari haqida ma’lumot berishlari so‘raladi, ishtirokchi bilimini tekshirish maqsadida Hakamlar hay’ati tomonidan qo‘shimcha savollar berilishi mumkin.
Ishtirokchilar ulug‘ allomalar, o‘zbek va jahon adabiyoti namoyondalari nomini bilet tortish orqali tanlaydi, tayyorgarlik ko‘rish uchun 1 daqiqa, javob berish uchun 2 daqiqa vaqt belgilanadi. Mazkur shart uchun 100 ballgacha baho beriladi.
“Badiiy asarlar bilimdoni” sharti.
Ushbu shartda Respublika ishchi guruhi tomonidan tavsiya etilgan badiiy asarlarning mazmun-mohiyati, g‘oyasi va ahamiyatini ishtirokchilarning sharhlab berishi so‘raladi. Sharhlash jarayonida ishtirokchi bilimini tekshirish maqsadida Hakamlar hay’ati tomonidan qo‘shimcha savollar berilishi mumkin.
Ishtirokchilar badiiy asar nomini bilet tortish orqali tanlaydi, tayyorgarlik ko‘rish uchun 1 daqiqa, javob berish uchun 3 daqiqa vaqt belgilanadi. Mazkur shart uchun 100 ballgacha baho beriladi.
Har bir yosh toifasi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 1 nafardan (jami 3 nafar) ishtirokchilar Respublika bosqichiga yo‘llanma oladi.
To‘rtinchi bosqich tanlovning Respublika bosqichi bo‘lib, har yili noyabr-dekabr oylari davomida “Yoshlar” telekanali orqali teletanlov shaklida, quyidagi 4 ta shart asosida o‘tkaziladi:
1-shart. “O‘zbek adabiyoti bilimdoni” sharti.
Ushbu shartda Respublika ishchi guruhi tomonidan tavsiya etilgan badiiy asarlarning mazmun-mohiyati, g‘oyasi va ahamiyatini ishtirokchilarning sharhlab berishi so‘raladi. Sharhlash jarayonida ishtirokchi bilimini tekshirish maqsadida Hakamlar hay’ati tomonidan qo‘shimcha savollar berilishi mumkin.
Ishtirokchilar badiiy asar nomini bilet tortish orqali tanlaydi, tayyorgarlik ko‘rish uchun 1 daqiqa, javob berish uchun 3 daqiqa vaqt belgilanadi. Mazkur shart uchun 100 ballgacha baho beriladi.
2-shart. “Jahon adabiyoti bilimdoni”.
Aktyorlar tomonidan biror asardagi syujetga oid epizod ijro etiladi.
Ishtirokchidan ushbu asar nomini aytishi hamda uning mazmun-mohiyati, g‘oyasi va ahamiyati to‘g‘risida sharhlab berishi so‘raladi. Sharhlash jarayonida ishtirokchi bilimini tekshirish maqsadida Hakamlar hay’ati tomonidan qo‘shimcha savollar berilishi mumkin.
Tayyorgarlik ko‘rish uchun 1 daqiqa, javob berish uchun 3 daqiqa vaqt belgilanadi. Mazkur shart uchun 100 ballgacha baho beriladi.
3-shart. “Buyuk mutafakkir va adib”.
Ushbu shartda ishtirokchilar 4 tagacha ulug‘ allomalar, o‘zbek va jahon adabiyoti namoyondalari nomini bilet tortish orqali tanlaydi, tayyorgarlik ko‘rish uchun 1 daqiqa, javob berish uchun 2 daqiqa vaqt belgilanadi.
Ishtirokchilardan ulug‘ allomalar, o‘zbek va jahon adabiyoti namoyondalari hayoti, faoliyati va ijodi haqida ma’lumot berishlari so‘raladi. Ishtirokchi bilimini tekshirish maqsadida Hakamlar hay’ati tomonidan qo‘shimcha savollar berilishi mumkin.
Har bir ulug‘ allomalar, o‘zbek va jahon adabiyoti namoyondalari to‘g‘risida ma’lumot berganlik uchun 25 ballgacha baho beriladi.
4-shart. “She’riyat”.
Ushbu shartda ishtirokchilar Ekspertlar komissiyasi tomonidan tavsiya etilgan she’riy parchani davom ettirishi hamda mazmun-mohiyatini sharhlab berishi so‘raladi.
Ishtirokchilarga tayyorgarlik ko‘rish uchun 1 daqiqa, javob berish uchun
2 daqiqa vaqt belgilanadi. Mazkur shart uchun 100 ballgacha baho beriladi.13. Tanlovning mahalliy, hududiy va respublika bosqichlari bo‘lib o‘tadigan joyi, sanasi Respublika ishchi guruhi tomonidan belgilanadi hamda 3 kun oldin ishtirokchilarga ma’lum qilinadi.
14. Tanlovlar jarayonida foydalaniladigan savollar va testlar majmuasi Respublika ishchi guruhi tomonidan tanlovning barcha bosqichlari uchun alohida-alohida tuziladi, maxsus konvertlarga solinib, muhrlanadi hamda joylarga yetkaziladi.
15. Tanlovning hududiy va respublika bosqichlarida yuqoridagi shartlar mavzusi saqlangan holda, shartlar mazmuni va tartibi teletanlovga moslashtirilgan shaklda o‘tkazilishi mumkin.
Tanlov shartlaridagi o‘zgarishlar bo‘yicha ishtirokchilar bellashuvdan kamida 3 kun oldin xabardor qilinadi.
16. Tanlovning har bir bosqichida shoir-yozuvchilar, o‘qituvchilar, jurnalistlar va boshqa mutaxassislardan iborat Hakamlar hay’atlari tuziladi.
Hakamlar hay’ati ishtirokchilarni baholashda ularning belgilangan kitoblarni o‘qiganini tekshiradi hamda mohiyatini to‘g‘ri tushungani va ifoda etib bera olish qobiliyatiga qarab baholaydi.
17. Tanlovning mahalliy bosqichi o‘tadigan kundan kamida bir oy oldin belgilangan kitoblar ro‘yxati e’lon qilinadi hamda kitoblar ro‘yxatini tuzishda ishtirokchilarning yosh toifasi inobatga olinadi.
18. Barcha shartlar bo‘yicha umumiy ballar qo‘shib hisoblanganda eng yuqori ko‘rsatkichga erishgan ishtirokchi tanlovning g‘olibi deb topiladi. Agar ishtirokchilar o‘rtasida umumiy to‘plangan ballar teng kelib qolgan taqdirda, I, II va III o‘rinlarni taqsimlash Hakamlar hay’ati a’zolari tomonidan hal etiladi. Bunda ballari teng kelib qolgan ishtirokchilarga qo‘shimcha 5 tadan test savollari beriladi. Shundan so‘ng ham ularning javoblari bir xil chiqsa, bu jarayon g‘olib aniqlangunga qadar davom etadi.
Shuningdek, buyuk alloma, adib va mutafakkirlarimiz merosini chuqur o‘rganish maqsadida hamda ularning yubiley sanalari munosabati bilan hamkor tashkilotlar tomonidan muayyan yo‘nalishlarda qo‘shimcha nominatsiyalar ta’sis etilishi mumkin. Qo‘shimcha nominatsiyalar haqida ma’lumot har yilgi tanlovlar e’lonida ma’lum qilinadi.
19. Hakamlar hay’ati tomonidan qabul qilingan qarorga nisbatan qaror nusxasi berilgan sanadan boshlab 3 kunlik muddat ichida manfaatdor shaxs Respublika ishchi guruhiga apellyatsiya tartibida shikoyat kiritish huquqiga ega.
20. Respublika ishchi guruhi 10 kunlik muddat ichida murojaatni ko‘rib chiqib, quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi va qaror nusxasini murojaat qilgan shaxsga yuboradi:
shikoyatni qanoatlantirishni rad etib, Hakamlar hay’atining qarorini o‘zgarishsiz qoldirish;
shikoyatni qanoatlantirib, Hakamlar hay’ati qarorini qisman yoki butunlay bekor qilib, yangi qaror qabul qilish.
21. Respublika ishchi guruhi apellyatsiya tartibida shikoyatni ko‘rib chiqishi bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
-
4. G’oliblarni taqdirlash
22. Tanlov g‘oliblari quyidagi tartibda taqdirlanadi:
Tanlovning mahalliy bosqichi g‘oliblari:
uchta toifada 1-o‘rinni egallagan ishtirokchilarning har biri planshet, diplom va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichiga yo‘llanma bilan;
uchta toifada 2-o‘rinni egallagan ishtirokchilarning har biri uyali telefon va diplom bilan;
uchta toifada 3-o‘rinni egallagan ishtirokchilarning har biri o‘zbek va jahon adabiyotining durdona asarlaridan iborat (20 ta) kitoblar jamlanmasi va diplom bilan taqdirlanadi.
Tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichi g‘oliblari:
uchta toifada 1-o‘rinni egallagan ishtirokchilarning har biri noutbuk, diplom va tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanma bilan;
uchta toifada 2-o‘rinni egallagan ishtirokchilarning har biri planshet va diplom bilan;
uchta toifada 3-o‘rinni egallagan ishtirokchilarning har biri o‘zbek va jahon adabiyotining durdona asarlaridan iborat (50 ta) kitoblar jamlanmasi va diplom bilan taqdirlanadi.
Tanlovning Respublika bosqichi g‘oliblari:
uchta toifada 1-o‘rinni egallagan ishtirokchilarning har biri “Prezident sovg‘asi” yengil avtomobil, diplom va “Yosh kitobxon” statuetkasi bilan;
uchta toifada 2-o‘rinni egallagan ishtirokchilarning har biri kompyuter jamlanmasi (monoblok), printer (1x3), diplom va “Yosh kitobxon” statuetkasi bilan;
uchta toifada 3-o‘rinni egallagan ishtirokchilarning har biri o‘zbek va jahon adabiyotining durdona asarlaridan iborat (200 ta) kitoblar jamlanmasi, diplom va “Yosh kitobxon” statuetkasi bilan;
qolgan barcha respublika bosqichi ishtirokchilarining har biri o‘zbek va jahon adabiyotining durdona asarlaridan iborat (20 ta) kitoblar jamlanmasi va sertifikat bilan taqdirlanadi.
-
5. Tanlovning moliyalashtirish manbalari
23. Tanlovni o‘tkazish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar quyidagi manbalar hisobidan:
O‘zbekiston yoshlar ittifoqini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.