"Munozara"

Munozaralarda Siz ham faol ishtirok eting va o‘z bilimingizni sinab ko‘ring!

  • 1. Umumiy qoidalar

    1.1. “Munozara” to‘garaklari – umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari o‘quvchi-talabalarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish hamda ularda mustaqil fikr bildirish, bahs-munozaraga kirisha olish ko‘nikmalarini tarkib toptirish maqsadida tashkil etiladi.

    1.2. “Munozara” to‘garaklari o‘z faoliyatini mazkur Nizomga muvofiq amalga oshiradi.

    1.3. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hududiy Kengashlari qoshida tashkil etiladigan “Munozara” to‘garaklari o‘quvchi-talabalarni fikrlashi, dunyoqarashi, ijtimoiy faolliklarini oshirish, yoshlarning bugungi kunda mamlakatimizda bo‘layotgan o‘zgarishlar va islohotlar to‘g‘risidagi bilimlarini boyitishga qaratilgan.

  • 2. Maqsad va vazifalari

    2.1. “Munozara” to‘garagining maqsad va vazifalari:

    - mamlakatimizda o‘sib, voyaga yetayotgan yosh avlodni har tomonlama mukammal tarbiyalash, mustaqil fikrlaydigan, qat’iy hayotiy pozitsiyaga ega bo‘lgan yoshlarni tarbiyalash, ularda tizimli tahlil qilish, mantiqiy fikrlash va mohirona munozara olib borish qobilyatlarini rivojlantirish;

    - o‘quvchi-talabalarda vatanparvarlik va faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, ularga o‘rtaga qo‘yilgan muammoga atroflicha yondasha olish va uning yechimi yuzasidan aniq taklif hamda g‘oyalar berish, o‘z fikrlarini asoslash va aniq bayon qilish, malakalarini shakllantirishda ko‘mak berish hamda to‘g‘ri yo‘naltirish;

    - o‘quvchi-talabalarni munozaralarda qatnashishini tashkil qilib, mantiqiy argumentlar tuzish va mustaqil fikrlash orqali ko‘nikmalarini hosil qilish;

    - o‘quvchi-talabalarda tashabbuskorlik, tashkilotchilik, notiqlik, liderlik sifatlarini rivojlantirish;

    - o‘quvchi-talabalarni o‘zgalarning fikrlarini hurmat bilan qabul qilishga o‘rgatishdan iborat.

  • 3. To‘garakning tashkiliy tuzilmasi

    3.1. “Munozara” to‘garagining tashkiliy tuzilmasi tarkibiga quyidagilar kiradi:

    - O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hududiy Kengashi;

    - to‘garak a’zolarining umumiy yig‘ilishi;

    - to‘garak Kengashi;

    - to‘garak yo‘nalishlari.

    3.2. Umumiy yig‘ilish o‘z ishida jami qatnashchilari (to‘garak a’zolari)ning uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi. Ushbu organ tomonidan qabul qilinadigan qarorlar qatnashchilarning yarmidan ko‘pi ovoz bergan taqdirda qabul qilingan hisoblanadi.

    3.3. Umumiy yig‘ilishda ko‘rib chiqiladigan masalalar Ittifoqning hududiy Kengashi va to‘garak a’zolari tomonidan kiritiladi. Umumiy yig‘ilish qatnashchilari majlis o‘tkazilishidan kamida bir kun oldin xabardor qilinadi.

    3.4. Umumiy yig‘ilish vakolatlariga quyidagilar kiradi:

    - to‘garakning umumiy faoliyatiga oid qarorlar qabul qilish;

    - to‘garakning Nizomi va tashkiliy tuzilmasini tasdiqlash;

    - to‘garak Kengashi (sardori)ning yillik umumiy faoliyati bo‘yicha hisobotini eshitish va baholash;

    - to‘garak Kengashi a’zolari sonini belgilash va uning tarkibini saylash;

    - to‘garak a’zolari orasidan to‘garak sardorini va yo‘nalish sardorlarini saylash (Ittifoqning hududiy Kengashi bilan kelishgan holda);

    - to‘garak a’zoligiga qabul qilish va a’zolikdan chiqarish;

    - to‘garakning (yillik) ish rejasini tasdiqlash;

    - to‘garak faoliyatini tugatish.

    3.5. To‘garak Kengashi Ittifoqning hududiy Kengashi vakili hamda umumta’lim, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalarining o‘qituvchilari va yosh mutaxassislaridan kamida besh kishidan iborat tarkibda tuziladi. Kengashga Ittifoqning hududiy Kengashi rahbarlik qiladi va to‘garakning kundalik faoliyatini boshqaradi. Kengash bir oyda kamida bir marta chaqiriladi. Kengash tomonidan qabul qilinadigan qarorlar qatnashchilarning yarmidan ko‘pi ovoz bergan taqdirda qabul qilingan hisoblanadi.

    3.6. To‘garak Kengashi:

    - to‘garakning maqsad va vazifalarini amalga oshiradi, to‘garak Nizomidagi talablarning ijrosini ta’minlaydi;

    - umumiy yig‘ilishlar oralig‘ida to‘garak a’zoligiga qabul qilish, a’zolikdan chiqarish, hisobga olish va hisobdan chiqarish bo‘yicha qaror qabul qiladi;

    - kundalik ish rejalarni belgilaydi va bajaradi;

    - to‘garak Kengashi a’zolarining choraklik va yarim yillik yakunlariga doir hisobotlarini tinglaydi, majburiyatlarni taqsimlaydi, vakolatini muddatidan oldin tugatadi;

    - to‘garak a’zolarining huquq va manfaatlarini himoya qilishga doir masalalarni ko‘rib chiqadi;

    - to‘garakning ichki me’yoriy hujjatlarini tasdiqlaydi;

    - umumiy yig‘ilishlar oralig‘ida to‘garakning amaldagi sardori yoki Kengash a’zolaridan biri o‘z zimmasidagi vazifalarni bajara olmagan taqdirda, vakolat va vazifalarini boshqa nomzodga vaqtincha yuklaydi.

    3.7. To‘garak sardori to‘garakning butun faoliyatiga rahbarlik qiladi. Sardor to‘garak a’zolarining umumiy yig‘ilishida to‘garak a’zolari orasidan ochiq ovoz berish yo‘li bilan saylanadi.

    3.8. To‘garak sardorining vazifalari hamda vakolat doirasiga quyidagilar kiradi:

    - to‘garakning Nizomi doirasidagi umumiy faoliyatini muvofiqlashtirish;

    - to‘garak faoliyatini tashkil qilish va unga rahbarlik qilish;

    - to‘garak nomidan ish yuritish;

    - Ittifoqning hududiy Kengashi qarorlarining bajarilishini ta’minlash;

    - to‘garakning rahbar organlari qaroriga ko‘ra boshqa vakolatlarni bajarish hamda mazkur Nizomga zid bo‘lmagan harakatlarni amalga oshirish;

    - Ittifoqining hududiy Kengash raisi o‘rinbosarlari bilan hamkorlikda tadbirlar dasturini ishlab chiqish va amalga oshirilishini ta’minlash.

    3.9. Yo‘nalish sardorlari umumiy yig‘ilishida to‘garak a’zolari orasidan ochiq ovoz berish yo‘li bilan saylanadi. Ular o‘zi sardor etib tayinlangan yo‘nalish ishini tashkil etish bilan bir qatorda quyidagi vazifalarni bajaradi:

    - to‘garak sardori yo‘qligida (xizmat safari, mehnat ta’tili, davolanish ta’tili, vazifasidan ozod etilgan va boshqa hollarda) uning vazifasini bajarib turish;

    - to‘garakish rejasida belgilangan chora-tadbirlarning to‘liq amalga oshirilishi bo‘yicha to‘garak sardori oldida hisobdor bo‘lish;

    to‘garak a’zolari va faoliyatini bevosita muvofiqlashtirib borish;

    yo‘nalishdagi to‘garak a’zolarinig taklif-tashabbuslarini to‘garak sardoriga olib chiqish.

    3.10. To‘garak va yo‘nalish sardorlariga qo‘yiladigan talablar:

    - tabiiy yetakchilik qobiliyati va notiqlik maxorati, tashabbuskorlik, intiluvchanlik va fidoiylik;

    - boshqaruv madaniyati, tashkilotchilik, keng jamoatchilik bilan ishlash va ish yuritish bo‘yicha bilim-ko‘nikmaga ega bo‘lish;

    - zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ishlash bo‘yicha malakaga ega bo‘lish;

    - mamlakatda olib borilayotgan islohotlar, yoshlarga oid davlat siyosati, ta’lim-tarbiya jarayoniga doir me’yoriy-huquqiy hujjatlar hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Nizomini bilish;

    - yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir qiluvchi buzg‘unchi g‘oya va mafkuralar, ma’naviy tahdidlar, zararli illatlar haqida yetarli tasavvurga ega bo‘lish;

    - to‘garak faoliyati, shuningdek, o‘zi sardorlik qiladigan tizimdagi yoshlar to‘g‘risidagi ma’lumotga ega bo‘lish.

  • 4. To‘garak faoliyatini tashkil qilish

    4.1. To‘garak o‘z faoliyatini mazkur Nizom asosida tashkil etadi.

    4.2. To‘garak faoliyati samaradorligi va mazmunini nazorat qilish – Ittifoqning hududiy Kengashi zimmasiga yuklatiladi.

    4.3. To‘garak faoliyati Ittifoqning hududiy Kengashi raisi o‘rinbosarlari tomonidan muvofiqlashtiriladi.

    4.4. To‘garak olib borayotgan faoliyati haqida har chorakda Ittifoqning hududiy Kengashiga hisobot berib boradi.

    4.5. To‘garakda tashkil etilgan guruhlar turli darajadagi (ta’lim muassasalari, tuman (shahar), viloyat, respublika va xalqaro miqyosdagi) musobaqalarda va o‘zaro bellashuvlarda ishtirok etishi mumkin.

    4.6. To‘garak faoliyatida quyidagi ish hujjatlarini yuritish tavsiya etiladi:

    - Nizom;

    - Yillik, kalendar ish rejasi;

    - choraklik va yillik hisobotlar;

    - o‘tkazilgan seminar, bellashuvlar haqida va boshqa ma’lumotlar.

    4.7. To‘garak a’zolari o‘rtasida o‘tkaziladigan uchrashuvlarga turli xil sohada faoliyat ko‘rsatuvchi rahbarlar, mutaxassislar taklif etilishi mumkin.

  • 5. To‘garak faoliyatini moddiy qo‘llab-quvvatlash

    5.1. To‘garak Ittifoqning hududiy Kengashi tomonidan 2 ta xona, mebel jihozlari (2 ta katta aylana stol, 30 ta stul, 2 ta shkaf), kompyuter jamlamasi (internet tarmog‘iga ulangan), 1 ta proyektor jamlanmasi, printer, nusxa ko‘paytirish uskunasi, televizor, fotoapparat, videokamera, akustika uskunalari va devonxona mollari bilan ta’minlanadi.

  • 6. To‘garakni tugatish tartibi

    6.1. To‘garakni qayta tashkil qilish yoki tugatish to‘garakning umumiy yig‘ilish qarori bilan amalga oshiriladi.