Jizzax shahrida “Yosh fermerlar innovatsion markazi”ochildi

Bugungi kunda Jizzax viloyatida mingdan ziyod yosh fermerlar samarali faoliyat olib bormoqda. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Germaniya Federativ Respublikasining Xalqaro hamkorlik bo‘yicha jamg‘arma kassalari fondi bilan hamkorlikda yosh fermerlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtisodiy, huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida Jizzax shahridagi “Yoshlar innovatsion markazi”da “Yosh fermerlar innovatsion markazi”ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O'zbekiston yoshlar ittifoqi, Xalqaro hamkorlik va loyihalar kompleksi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Jizzax viloyat Kengashi hamda O'zbekiston yosh fermerlar Kengashi vakillari, fermerlik faoliyatiga qiziquvchi yoshlar ishtirok etib, Germaniya Federativ Respublikasining Xalqaro hamkorlik bo‘yicha jamg‘arma kassalari fondi bilan O‘zbekiston agrar sektorini rivojlantirish hamda yosh fermerlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan hamkorlik haqida ma’lumot berildi.

– Ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona aloqalar juda yaxshi yo'lga qo'yilgan, – deydi Xalqaro hamkorlik bo‘yicha jamg‘arma kassalar fondi eksperti Matias Vangler. – Bu yo‘nalishdagi hamkorlikdan maqsadimiz o‘z tajribamizni o‘rtoqlashish, odamlarning turmush tarzini yanada yaxshilash, ayniqsa, chekka hududlardagi yosh tadbirkor va fermerlarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlar orasida moliyaviy savodxonlikni oshirish kabi vazifalardan iborat.

Yig‘ilishda mazkur loyihani amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro fikr almashinuvi, savol-javoblar bo‘lib o‘tdi. “Yosh fermerlar innovatsion markazi” faoliyati samaradorligini ta’minlash yuzasidan taklif va tavsiyalar tinglandi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob oldi.

Tadbir yakunida germaniyalik mutaxassislarga Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashining esdalik sovg‘alari topshirildi.