Talabalar shaharchasida bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi tashkil etildi

Poytaxtimizning Olmazor tumanidagi Talabalar shaharchasida bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi tashkil etildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi, Toshkent shahar hokimligi, shahar mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash, bandlik bosh boshqarmalari, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik hamda “O‘zLiDep” partiyasining Toshkent shahar kengashlari hamkorligida tashkil etilgan yarmarkada poytaxtimizdagi 250 dan ortiq ish beruvchi korxona va tashkilotlar 3 ming 500 dan ortik bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi. 

Davlatimiz rahbarining joriy yil 11 avgustdagi “Kambag‘al va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o‘qitishga qaratilgan hamda aholi bandligini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida mamlakatimizda mehnat bozorining samarali mexanizmlarini joriy qilish, aholining ishchanlik faolligini oshirish, ishsiz fuqarolarni zamonaviy kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish, ularni doimiy daromad keltiradigan ish bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Jumladan, Toshkent shahar bandlik bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yil boshidan to bugunga qadar zahiralangan ish o‘rinlari uchun ish so‘rab murojaat qilgan xotin-qizlar soni shahar bo‘yicha 7540 tani tashkil etsa, shundan 2797 nafari ish o‘rinlariga ega bo‘lishga erishgan. 5888 nafar ish so‘ragan o‘g‘il-qizning 2850 nafarining bandligi ta’minlangan. 

693 nafar xotin-qizlarimiz va 483 yoshlar turli kasb-hunar uchoqlariga o‘rganish va tajriba orttirish uchun yo‘naltirilgan.

Mehnat yarmarkasida ta’lim muassasalarining 4500 nafarga yaqin bitiruvchi yoshlari ishtirok etdi. Ularning aksariyati o‘zlariga munosib ish o‘rinlariga jalb etildi. 

– Mazkur yarmarkaga e’lon bo‘yicha keldim, – dedi Ihlosbek Abdullayev. – Turli xil tashkilotlar tomonidan taklif etilayotgan ish o‘rinlarini kuzatib, ular orasida O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining bo‘sh ish o‘rinlari bilan qiziqib qoldim. Shu sabab tashkilotning dasturlari, maqsad va vazifalari bilan tanishdim. Bu menga ma’qul bo‘ldi. Ular meni partiyaning Olmazor tumani kengashi yetakchi mutaxassisi lavozimiga ishga olishdi. Ko‘nglimdagidek ish topilganidan juda xursandman.