Qoraqalpog‘iston Respublikasida 53 nafar xotin-qiz imtiyoz asosida o‘qishga kirdi

Qoraqalpoq davlat universitetining chet tili va adabiyoti ta’lim yo‘nalishiga hujjat topshirib, test sinovlarida 176,5 ball to‘plab, o‘qishga davlat granti asosida qabul qilinishiga atigi 0,1 ball yetmay qolgan qoraqalpog‘istonlik Shahnoza Qoylibayeva 4 foizlik imtiyozni qo‘lga kiritdi.

– Davlat grantiga eng oxiri bo‘lib kirgan abituriyentning balli 176,6 ekan. Meniki esa 176,5. Kontrakt. Ota-onamga qanday aytishni bilmadim. Ularni ortiqcha qiyin vaziyatga solib qo‘yish niyatim yo‘q edi. Endi kontraktda o‘qiymanmi, degan ikkilanish bor edi, – deydi Sh.Qoylibayeva. – Shunday vaziyatda 4 foizlik imtiyozga ilinganimni eshitganimda quvonchimni qanday izohlashni ham bilmayman.

Shahnoza Prezidentimiz tashabbusi bilan xotin-qizlarning yuqori ta’lim olish imkoniyatini kengaytirish maqsadida qabul qilingan 4 foizlik davlat granti asosida ajratilgan kvota bo‘yicha o‘qiydigan bo‘ldi.

U Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun ajratilgan umumiy 53ta o‘rinning birini egalladi. Umuman Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va uning tumanlardagi bo‘limlari tomonidan 2 ming 733 xotin-qizlarning murojaatlari ko‘rib chiqilib, shundan 1370 xotin-qizlarga ishchi guruhning xulosalari asosida tavsiya berilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligida imtiyozni qo‘lga kiritgan 53 nafar talabaga guvohnomalar topshirildi.