GulDU talabalari uchun "O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi stipendiyasi" joriy etiladi
Yoshlarlarni qiynayotgan muammolar, ularning taklif va tashabbuslarini o‘rganishga qaratilgan «Rahbar va yoshlar uchrashuvi» bu gal Guliston davlat universitetida o‘tkazildi.
Unda viloyat hokimi Akmaljon Maxmudaliyev hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Temurbek Poyonov ishtirok etdi. So‘zga chiqqanlar yoshlarga oid davlat siyosati doirasida yurtimizda Prezidentimiz boshchiligida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtaldi. Yig‘ilganlarni bo‘sh vaqtdan unumli foydalanish, yaratilayotgan imkoniyatlarga munosib bo‘lishga chaqirdi.
Asosiysi, ochiq muloqot tarzida o‘tgan bu uchrashuv ikki tomon ham kutgan muloqot ekani sezilib turdi. Yoshlarning fikr-mulohazalari, takliflari tinglandi.
Xususan, yigit-qizlaring mahalliy koordinatorlar, volontyorlar va “Qalqon” jamoatchilik guruhi a’zolari uchun seminar-treninglar tashkil etish, Guliston davlat universitetida yangidan barpo etilayotgan Axborot-resurs markazi kitoblar fondini boyitish, To‘ra Sulaymon tavalludining 90 yilligi munosabati bilan yosh shoirlar tanlovini o‘tkazish, shuningdek, viloyatda an’anaviy tarzda o‘quv yilining har choragida a’lo baholarga o‘qiyotgan, namunali xulqi bilan boshqalarga o‘rnak bo‘layotgan maktab o‘quvchilarini oromgohlarga yuborishni nazarda tutuvchi “A’lo ta’til” loyihasini yo‘lga qo‘yish kabi takliflari rahbarlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Temurbek Poyonov Guliston davlat universitetida tahsil olayotgan talabalar uchun "O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi stipendiyasi" ta’sis etilishini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, mazkur stipendiya sovrindorlari 5 million so‘m miqdorida bir martalik pul mablag‘i bilan mukofotlanadi.
Uchrashuv yakunida turli yo‘nalishlar bo‘yicha muvaffaqiyatlarga erishayotgan yoshlar, ularga yaqindan ko‘mak berayotgan yetakchilar, mas’ullarga tashakkurnoma va qimmatbaho sovg‘alar, viloyat sardorlar kengashi a’zolariga mamlakatimizning tarixiy va diqqatga sazovor shaharlariga sayohat yo‘llanmasi topshirildi.
- Qo'shildi: 28.02.2024
- Ko'rishlar: 351
- Chop etish