Farg‘onada 100 nafar qiz qo‘shimcha davlat granti asosida talaba bo‘ldi

Farg‘ona viloyatidan 100 nafar xotin-qizlar Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining tavsiyanomasi asosida oliy o‘quv yurtlariga imtiyozli grant asosida talabalikka qabul qilindi. 

Xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, xususan, ijtimoiy himoyaga muxtoj, nogironligi bo‘lgan, ish bilan ta’minlanmagan ayollarga ko‘mak berish, ularning turmush sharoitini yaxshilash davlatimizning doimiy e’tiborida. Prezidentimizning joriy yil 12 iyundagi “2020/2021 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun xotin-qizlarga alohida 4 foizlik davlat granti asosida kvota ajratilgani e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir ifodasi bo‘ldi. 

Viloyatda ishchi guruhga tanlovda ishtirok etish uchun 3 ming 880 nafar xotin-qizlardan murojaatlar kelib tushib, shundan 1 ming 896 nafar xotin-qizlar tavsiyanomalar berildi.O‘tkazilgan test sinovlari natijalariga ko‘ra yuqori ball to‘plagan yuz nafar abituriyentlar talabalik baxtiga sazovor bo‘lishdi. 

Marg‘ilon shahrida oliy o‘quv muassasalariga qabul qilingan xotin-qizlar ishtirokida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. 

Viloyat hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi D. Ergasheva mamlakatimizda ayollarning oliy ta’lim o‘quv yurtlarida tahsil olishlari uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotganligini alohida ta’kidladi. Kam ta’minlangan oilalarga mansub qizlarni oliy o‘quv yurtlarining kunduzgi bo‘limida davlat granti asosida o‘qishlari ham shulardan biridir. Albatta, bu qizlarning kelajakda jamiyat uchun munosib kasb egalari bo‘lib kamol topishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. 

Qo‘shimcha davlat granti asosida qabul qilingan xotin-qizlar tabriknoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. 

-Talaba bo‘lish orzularimdan biri edi, -deydi Toshloq tumanilik Hulkaroy Sobirjonova.-Shukrki, bu amalga oshib, imtiyoz bilan Farg‘ona davlat universitetining ingliz tili yo‘nalishiga o‘qishga qabul qilindim. Prezidentimizga katta rahmat. Biz qizlarni, ayniqsa, yoshlarni doimo qo‘llab-quvvatlamoqda. Bilimli va hunari bor inson hayotning barcha sinovlarini yengib o‘tadi.