“Biznes marafon” yoshlarga nima beradi?

Yoshlar press- klubida Yoshlar ishlari agentligi va “Yoshlar kelajagimiz” jamg‘armasi hamkorligida yurtimiz bo‘ylab ilk marotaba tashkil etilgan “Biznes marafon” ga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Rivojlangan davlatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, qaysi mamlakatda yoshlar biznesi va tadbirkorligi to‘laqonli yo‘lga qo‘yilgan, yoshlarning o‘z qobiliyatini namoyon etishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan bo‘lsa, ularning yurt taraqqiyotiga qo‘shadigan hissasi shunchalik samarali bo‘ladi.  

O‘zbekistonda ham yoshlarga, ayniqsa, ularni tadbirkorlikka jalb qilishga bo‘lgan e’tibor kuchaytirilgan. Bu boradagi islohotlar ko‘lami ham keng.  

Xususan, tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan bir qancha qonunlar va qonunosti hujjatlari qabul qilindi. “Biznes marafon” tashkil etilishi ham yoshlar uchun keng imkoniyatlardan biri bo‘ldi.

Davlatimiz rahbarining 2020 yil 30 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”farmoni ijrosi doirasida tashkil etilgan “Biznes marafon”dan maqsad yoshlarimizning kelajakda tegishli sohalarda malakali mutaxassislar bo‘lib yetishishiga ko‘mak berish, ularni tadbirkorlikka o‘qitish uchun mamlakatimizda yuqori natijalarga erishgan soha mutaxassislarini jalb etgan holda o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazishdir.  

Ayni kunlarda respublikamizning barcha hududlarida “Biznes marafon” motivatsion trening darslari bo‘lib o‘tmoqda. Marafonlarda yurtimizning ko‘zga ko‘ringan va muvaffaqiyatga erishgan soha vakillari hamda tadbirkorlar ishtirok etib, yoshlar bilan o‘z g‘oyalari to‘g‘risida fikrlashmoqda.