Sariosiyoda “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Mamlakatimizda o‘tkazilayotgan “Yoshlar oyligi” doirasida Mudofaa vazirligining Janubiy operativ qo‘mondonligi joylarda “Rahbar va yoshlar” uchrashuvlarini tashkil etmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri Sariosiyo tumanidagi Sharg‘un madaniyat markazida bo‘lib o‘tdi.  

Uchrashuvda Janubiy operativ qo‘mondonligi boshlig‘ining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, podpolkovnik Alisher Shirinov, Sharg‘un shahar hokimi Sherzod Xidirov va boshqalar keyingi yillarda Qurolli Kuchlarda amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatimiz mudofaa qudratini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotganini ta’kidladi. Bu jarayonda harbiylar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga, yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalab, ularning yurtga sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi.  

Bunday ulug‘vor ishlar armiya va xalq birligini, tinch, farovon hayotimizni ta’minlashda muhim o‘rin tutmoqda. Hududlarda o‘tkazilayotgan “rahbar va yoshlar” uchrashuvlari ham ana shunday ezgu maqsadga yo‘naltirilgani bilan navqiron avlodda katta qiziqish uyg‘otayotir.

Uchrashuvda yigit-qizlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berilib, ular o‘rtaga tashlagan ko‘plab taklif va g‘oyalar qo‘llab- quvvatlandi.

–Tumanimizda biz, yoshlar uchun harbiylar turli qiziqarli tadbirlar uyushtirib, zamonaviy texnika va qurol-aslahalar ko‘rgazmalarini ham tashkil etmoqda, – deydi Sharg‘un shahridagi 24-maktabning 11- sinf o‘quvchisi A.Mansurov. – Bu kabi tadbirlarda Vatanni himoya qilishning mashaqqatli va naqadar sharafli kasb ekanini chuqur anglab olayapmiz. Turli harbiy texnika va qurol-aslahalar bilan yaqindan tanishayapmiz. bugungi uchrashuvda men harbiy akalarimizning dala-o‘quv mashg‘ulotlarini kuzatish uchun yoshlarga sharoit yaratish taklifini o‘rtaga tashladim. Bu tashabbusim qo‘llab-quvvatlanib, Sariosiyo garnizoni o‘quv poligonida o‘tkaziladigan navbatdagi mashg‘ulotlarda yoshlar ishtirokini ta’minlashga kelishib olindi. Endilikda biz uyushgan holda dala- o‘quv maydonida mashg‘ulotlarni tomosha qilamiz. Bundan juda xursand bo‘ldik.

Uchrashuv doirasida bir guruh harbiy xizmatchilarning farzandlariga oliy o‘quv yurtlari hamda oliy harbiy ta’lim muassasalariga imtiyozli o‘qishga kirish huquqini beradigan tavsiyanomalar topshirildi.

“Yoshlar oyligi” tadbirlarida faol qatnashayotgan yoshlar Janubiy operativ qo‘mondonligining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Sariosiyo garnizoni harbiy xizmatchilari Mudofaa vazirligining “Vatanparvar” gazetasi va “O‘zbekiston Armiyasi” jurnallari yangi sonlarini tarqatdi. Yosh harbiy baxshilar terma va dostonlardan parchalar kuylab, yoshlarga bir olam quvonch ulashdi.