Karmanada "Rahbar va yoshlar" uchrashuvi o‘tkazildi

Navoiy viloyati Karmana tuman hokimligida "Yoshlar oyligi" munosabati bilan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov ishtirokida tuman yoshlari bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Uchrashuvda dastlab vazir R. Mamatov yoshlarning bo‘sh vaqtlarini qanday o‘tkazayotgani bilan qiziqib, ular uchun yurtimizda barcha imkoniyat va sharoitlar yaratilayotgani va bu imkoniyatlardan yoshlar unumli va to‘laqonli foydalanishi lozimligi to‘g‘risida to‘xtalib, o‘z maslahatlarini berdi.

Ochiq muloqotda yoshlarning muammo va takliflari tinglandi. Yoshlar asosan, ish bilan ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun imtiyozli bank kredit mablag‘lari ajratish, yashash manzilida doimiy ro‘yxatga olish, uy-joyga muhtojlik va boshqa shu kabi o‘z yechimini kutayotgan muammolar to‘g‘risidagi savollari bilan murojaat qildi.

Yoshlar tomonidan ko‘tarilgan masalalarning aksariyati joyida hal etilib, o‘rganish uchun vaqt va mablag‘ talab qiladigan murojaatlar yuzasidan tegishli soha mutasaddilariga masalalar yechimi bo‘yicha topshiriqlar berildi va murojaatchining yashash hududidan kelib chiqqan holda, muammolar yechimining nazorati tegishli sektor rahbarlari zimmasiga yuklatildi.

Tadbir so‘ngida Rahmat Mamatov boshchiligida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan subsidiya asosida «Yoshlar daftari»ga kiritilgan 30 nafar yoshga 231 million so‘mlik moddiy texnik vositalar, jumladan, yoshlarning 10 nafariga kompyuter jamlanmasi, 10 nafariga tikuv mashinasi va 10 nafar yoshga motokultivator topshirildi.