Surxondaryoda "Yoshlar va qonun" tanlovi g'oliblari aniqlandi

Kecha Surxondaryoda “Yoshlar va qonun” tanlovining viloyat bosqichi bo’lib o’tdi. Tanlovning 1-shartida, ya’ni “Sud majlislari modeli”da guruhlar mamlakatimizda sud huquq sohasidagi o’zgarishlar, odil sudlov tizimini amalga oshirish bo’yicha amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlarning mazmun-mohiyati haqida o’z bilimlarini namoyon etishdi.

 

 2-shart “Huquqiy islohotlar bosqichi” bo’lib, unda ishtirokchilar so’nggi besh yilda mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim ahamiyat kasb etgan O’zbekiston Respublikasi Qonunlari, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonlari, Qarorlari mazmun-mohiyati bilan bog’liq savollarga javob berishdi.

 

Tanlovning 3-sharti “Yoshlarga oid qonunchilik - yoshlar nigohida” sharti bo’lib, unda guruhlar yoshlarga oid davlat siyosati va sud-huquq sohasidagi mavzular asosida tayyorlangan hamda jamiyatda huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan videorolik taqdimotini namoyish etishdi.

 

 4-shart “Huquqingni angla!” deb nomlanib, unda guruhlar jamiyatda uchraydigan ayrim yoshlar o’rtasidagi huquqbuzarliklar va jinoyatchiliklar, ijtimoiy huquqiy muammolarni sahna ko’rinishlar orqali namoyish etish bilan birgalikda ushbu holatlarni bartaraf qilishga qaratilgan taklif va tavsiyalar bildirishdi. 

Murosasiz kechgan ushbu tanlov natijalariga ko‘ra, 1-o‘rinni Termiz shahri 11-sonli umumiy o‘rta ta‘lim maktabining “Yosh yuristlar” jamoasi, 2 -o‘rinni Qiziriq tumani 36-sonli umumiy o‘rta ta‘lim maktabining “Senator” jamoasi, esa 3 -o‘rinni Muzrabot tumani 8-sonli umumiy o‘rta ta‘lim maktabining “Diplomat” jamoalari qo‘lga kiritdi.