Toshkentda "Prokuror kubogi" musobaqasi o'tkazildi

Xalqaro sport maydonlarida qo‘lga kiritlayotgan yutuqlarimizning tak zamini ommaviy sportga berilayotgan e’tiborning mahsulidir. Kuni kecha Toshkentdagi “Sog‘bon” kurash zalida 2006-2007-yillarda to‘g‘ilgan o‘smir-yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan kurash musobaqasi ham bo‘lg‘usi chempionlar kamoloti yo‘lida qo‘yilgan muhim qadam bo‘ldi. Toshkent shahar kurash federatsiyasi va Olmazor tuman prokuraturasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur musobaqa poytaxtimizning yosh kurashchilari, ayniqsa Sog‘bon kurash majmuasi atrofidagi mahalla yoshlari uchun chinakam sport bayrami bo‘ldi.
 

— Toshkent shahar prokurori, poytaxt kurash federatsiyasi raisining qarori bilan mart-may oylari shahrimizdagi tumanlarning deyarli barchasida ana shunday musobaqalar o‘tkazilishi belgilangan. Bugungacha Sergeli, Yunusobod, Shayxontohur tumanlarida “Prokuror kubogi” bellashuvlari o‘tkazildi. Ushbu musobaqalar asnosida poytaxtimizdagi 5000 nafardan oshiq yoshlarni ommaviy sport musobaqalariga bevosita jalb etish, ming-minglab o‘smirlar qalbida milliy sportimizga qiziqishni oshirishga qaratilgan. Shu o‘rinda aytish joizki, Toshkentdagi 12 ta umumta’lim maktablariga ishsiz yurgan kurash trenerlari murabbiylikka jalb qilindi. Ular kurash gilamlari bilan ta’minlandi. Yangi tashkil qilingan kurash to‘garaklarida shug‘ullanish istagini bildirgan kam ta’minlangan oilalarning farzandlari, e’tibor talab yoshlarni mashg‘ulotlarda bepul shug‘ullanishi nazarda tutilgan. Bundan tashqari,  yaqin vaqtda poytaxtimizda kurash bilan shug‘ullanayotgan yoshlarni kurash yaktaklari bilan ta’minlash ishlari olib borilmoqda. bugungi musobaqalarning ahamiyatli tomoni shundaki, Olmazor tuman prokuraturasining sa’yi-harakati bilan “Sog‘bon” kurash zalining atrofi, uning ichki va tashqi ko‘rinishi ta’mirlandi, kukalamzorlashtirildi. Natijada yoshlarning sport bilan shug‘ullanishlari uchun barcha shart-sharoitlar muxayyo etildi,  – deydi Toshkent shahar kurash federatsiyasi ijrochi direktori To‘lqin Ro‘ziyev.

“Sog‘bon”dagi kurash bahslari haqida shuni aytish lozimki, bellashuvlarda 130 nafarga yaqin yoshlar 7 ta vazn toifasida g‘oliblik uchun kurash olib borishdi. Murosasiz bahslar yakuniga ko‘ra, o‘g‘il bolalar 42, 50, 55, 60, +60 kg vaznlarda, qizlar esa 40 va 48 kg.da kurashishdi. O‘z vaznlarida G‘iyos Jumanazarov, Anvar Eshpo‘latov, Akobir Zoirov, Temur Jo‘raxonov, Bekzod O‘ktamov, Laziz Asqarov, Javohir Malikov, Dilmuhammad Aliaxmatov, Xumoyun Ne’matov, Bobur Yo‘ldoshev, Sug‘diyona Bahodirzoda, Sevinch Mamashariopva, Fotima Umurzoqova va Vazira Qo‘lmamatova g‘olib va sovrindor bo‘lishdi.

Musobaqa sovrindorlari Toshkent shahar kurash federatsiyasi, Olmazor tuman prokuraturasi va xomiylar tomonidan ta’sis etilgan diplom, medal hamda sovg‘alar bilan taqdirlandi. Mutasaddilarning bildirishicha, “Prokuror kubogi” musobaqasining keyingi bahslari 16-17 aprel kunlari Bektemir tumanida o‘tkaziladi.