Navoiyda ham "kitobxonlik haftaligi" boshlandi

Eng yaxshi do‘st kitobdir. Darhaqiqat shunday. Kitob mutolaa qilgan kishi har bir zamonda ulug‘langan, yuqori martabalarga erishgan. El orasida hurmat, e’tiborga sazovor bo‘lgan. Chiroyli va ma’nili so‘zlagan.

Yurtimizda ham aholi, xususan yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyati, ularning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish maqsadida barcha choralar qo‘llanilmoqda. Hattoki, eng ko‘p kitob o‘qigan yoshlarga Prezident sovg‘asi sifatida “Spark«avtomashinasi sovg‘a qilinmoqda.

Joriy yilning 5-aprelidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Yozuvchilar uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida "Kitobxonlik haftaligi" boshlandi.

Navoiy viloyatida ham ayni yo‘nalishdagi targ‘ibot tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.

Haftalik doirasida Abdulla Qodiriy nomidagi viloyat Axborot-kutubxona markazida yosh avlodning ma’naviy hamda intellektual salohiyatini kuchaytirishda kitobning o‘rni va ahamiyatini yanada oshirish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish maqsadida yoshlar bilan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

– Kitob – insonning eng yaqin do‘sti va maslahatchisi, aql qayrog‘i va bilim manbaidir, – deydi AKM madaniy-ma’rifiy va yoshlar bilan ishlash sektori mudiri Muborak Karimova. 

– Ayni paytda 14 ming nafarga yaqin kitobxon a’zo. Axborot kutubxona markazining umumiy jamg‘armasi 170 ming nusxani tashkil etadi. Shundan 166 ming nusxasi kitoblar, qolgani turli nomdagi jurnallardir. Shuningdek, 10 ming nusxa elektron nashrlar mavjud. Hozirda mingga yaqin QR kodli kitoblarning elektron varianti yaratildi va bannerlar aholi gavjum joylar, mahallalarga o‘rnatilmoqda. Kitobxonlar QR kod orqali kitoblarni yuabsklab olgan holda audiosini yoki matnli shaklini bemalol o‘qib o‘rganishi mumkin. Telegramm guruhimizda kitobxonlarga bepul onlayn xizmat ko‘rsatiladi.

Kitob inson qalbida Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, odamlarda mehr-oqibat tuyg‘ularini kamol toptirishda muhim o‘ringa ega. Zero, kitob o‘qigan kishining ma’naviyati yuksalib, dunyoqarashi kengayib boraveradi.

– Men ushbu kutubxona markaziga tez-tez kelib turaman, – deydi Navoiy shahridagi 12-davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi 5-sinf o‘quvchisi E’zoza Farmonova. 

–Maktabimiz kutubxonasidan topolmagan kitoblarimni shu yerdan topaman. Bu yerda kitobxonlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Kutubxonachilar ham shirinso‘z. Kulib, yaxshi so‘zlar bilan kutib olishadi. Izlagan kitobimizni topishga ko‘maklashadi. Hattoki, telegramm guruhi ham ochilgan. Unga qaysidir kitob kerak bo‘lib qolsa, yozib yuboramiz. Agarda o‘sha kitobning elektron varianti bor bo‘lsa, zudlik bilan tashlab berishadi. Bu ham kitobxonlar uchun yaratilgan qulayliklardan biri.

Tadbirda respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Akrom Muqimov  ham ishtirok etib, kutubxonaga yuzga yaqin turli badiiy va ommabop kitoblar taqdim etdi.

Eslatib o‘tamiz. "Kitobxonlik haftaligi" viloyatning barcha tuman va shaharlarida tashkil etilib, 10-aprelga qadar davom etadi.