O‘zbekistonda ilk marotaba "Kitobxonlik haftaligi" o‘tkazilmoqda

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-dekabrdagi tegishli qarori asosida joriy yilning 5-9-aprel kunlari Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasi, Respublika Yoshlar ijodi saroyi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlar axborot kutubxona markazlari tomonidan "Kitobxonlik haftaligi" o‘tkaziladi. Tadbirning ochilish marosimi 5-aprel kuni "Yoshlar ijod saroyi"da o‘tkaziladi.

Ilk marotaba o‘tkazilayotgan "Kitobxonlik haftaligi" doirasida 30 dan ortiq yetakchi nashriyotlarda so‘nggi yillarda chop etilgan 100 ga yaqin kitoblarning taqdimoti, buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning 580 yilligi, O‘zbekiston Xalq shoiri Abdulla Oripovning 80 yilligi, O‘zbekiston Xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimovning 80 yilligi, shuningdek, o‘zbek estrada san’atining asoschisi Botir Zokirovning 85 yilligiga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etiladi.

Shuningdek, Amir Temurning ibratli hayoti va jasorati to‘g‘risida chop etilgan yangi kitoblar taqdimoti o‘tkaziladi. Tarixshunos olimlar, harbiy soha vakillari bilan davra suhbatlari bo‘lib o‘tadi.

Tadbir doirasida badiiy asarlarning ichki bezaklari, ya’ni kitob grafikasi sohasida tahsil olayotgan yosh rassomlar ijod namunalari, sahhof va hattotlar, usta-hunarmandlarning mahorat darslari, ko‘rgazmalari ham tashkil etilishi rejalashtirilgan.