Arnasoylik yosh shoir Parijdagi xalqaro tanlov g‘olibi bo‘ldi

Jizzax viloyatining Arnasoy tumani Chinobod qishlog‘ida yashovchi 19 yoshli Umidjon Qodirov Fransiyaning Parij shahrida “Xalqaro iste’dodlar” tanlovida ishtirok etib, “Badiiy adabiyot” yo‘nalishida 2-o‘rinni egalladi.
Ushbu tanlov san’atning raqs, estrada, vokal va xor, cholg‘u asboblari ijrochiligi, tasviriy, amaliy san’at, teatr san’ati va badiiy adabiyot kabi nominatsiyalar bo‘yicha butun dunyo yoshlari o‘rtasida har yili o‘tkazib kelinadi. Pandemiya tufayli onlayn tarzda o‘tkazilgan bu yilgi tanlovda dunyoning barcha qit’alaridan ishtirok etgan ko‘plab yoshlar qatori arnasoylik Umid Qodirov ham qatnashib, faxrli o‘rinni egalladi.

Chinobod qishlog‘idagi oddiy ishchi – Lapas aka va uy bekasi Klara opaning oilasida Umid beshinchi farzand. O‘tgan yili qishloqdagi 12-umumta’lim maktabini bitirib, Qozog‘iston Respublikasi Taras universiteti boshlang‘ich ta’lim fakultetiga o‘qishga kirdi. Hozir birinchi bosqich talabasi.

Umid intiluvchan yigit. Maktabda o‘qib yurgan 2018-2019 yillarda sportning karate-do va ITKF karate-do turlari bo‘yicha O‘zbekiston kubogi sohibi bo‘lgan.

Adabiyotga ixlosi baland. Tumandagi "Ijod chashmasi" klubining a’zosi. She’rlari respublika ommaviy nashrlarida chiqib turadi. Hozirgacha “Turon” nashriyotidan ikkita she’riy to‘plami nashrdan chiqqan.

– Internetda “XALQARO ISTE’DODLAR” onlayn tanlovining shartlari bilan tanishib, omadimni sinab ko‘rishga ahd qildim, – deydi Umid. – Kecha, 20 fevral kuni tanlovda 16 dan 20 yoshgacha bo‘lgan ishtirokchilar o‘rtasida ikkinchi o‘rinni olganim e’lon qilindi. Harakatda barakat, deb bejiz aytilmagan ekan.

“XALQARO ISTE’DODLAR” tanlovining nizomiga ko‘ra, Umidga diplom va ko‘krak nishoni topshiriladi.

Yurtimizda iste’dodli yoshlar ko‘p. Hatto Chinobodga o‘xshagan eng olis qishloqlarda ham Umidga o‘xshagan umidli yoshlar bor.