Jizzaxda yosh jurnalistlar maktabi ish boshladi

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Jizzax viloyati bo‘limi qoshida tashkil etilgan “Yosh jurnalistlar” maktabida yangi yil boshida dastlabki mashg‘ulot bo‘lib o‘tdi. Jizzaxda jurnalistikaga qiziquvchi yoshlarni kasbga o‘rgatish tarixi ancha olis tarixga ega “ustoz-shogird” maktabi an’analaridan biri. Ayniqsa o‘tgan asrning 70-90 yillarida “Jizzax haqiqati” viloyat gazetasi tahririyati qoshida muntazam faoliyat ko‘rsatib kelgan “Ishchi qishloq muxbirlar universiteti” ko‘plab yoshlarni jurnalistika kasbiga yo‘naltirgan edi. Tahririyat qoshidagi haftasiga bir marta mashg‘ulot o‘tkazadigan ikki yillik universitetda ijod alifbosi bilan tanishgan o‘sha paytdagi o‘quvchi, talaba, ishchi yoshlarning ko‘pchiligi keyinchalik ushbu kasbning haqiqiy egasi bo‘lib yetishib, hozir respublikamizning turli matbuot organlarida faoliyat ko‘rsatib kelayotir.

Oradan o‘ttiz yil o‘tgach tarixiy an’anani tiklab, yosh jurnalistlar maktabini tiklashdagi tashabbuskorlar ham “Jizzax haqiqati” qoshidagi ishchi qishloq maktabi bitiruvchilari bo‘ldi.

Maktab O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limining “Yetuk ma’naviyatli va yuksak madaniyatli yoshlar Vatan taraqqiyoti poydevori” loyihasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondining grant mablag‘i bilan tashkil etildi.

Loyiha mualliflari – uyushmaning viloyat bo‘limi raisi Erkin Shermonov va bo‘lim mutaxassisi Nodira Alimova dastlabki ijod sabog‘ini “Jizzax haqiqati” qoshidagi yosh muxbirlar universitetida olib, mehnat faoliyatini shu sohaga bag‘ishlab kelayotgan taniqli jurnalistlar.

Jurnalistika sohasiga qiziqqan yoshlarning bilim va malakasini oshirish orqali iste’dodlarini namoyon etishlariga ko‘maklashish, ommaviy axborot vositalarida yosh kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida amalga oshirilayotgan loyiha sakkiz oyga mo‘ljallangan. Loyiha doirasida yosh jurnalistlar maktabidan tashqari uyushma hududiy bo‘limining “jurnalistika.uz” rasmiy sayti yaratildi

Maktabga jurnalistikaga qiziqqan 30 yoshgacha bo‘lgan o‘ttiz nafar yigit-qiz tanlab olindi.

Maktabda tinglovchilarga matbuot, televideniye, radio, internet jurnalistika va fotojurnalistika yo‘nalishlari bo‘yicha tajribali mutaxassislar tomonidan bilim va mahorat darslarini o‘tkazish belgilangan. Dastlabki mashg‘ulotlarni 80-yillarda Jizzaxdagi xavaskor jurnalistlar maktabida saboq olgan, O‘zbekiston jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakulteti dotsenti, O‘zbekiston jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi treneri Nargis Qosimova o‘tkazdi. Mashg‘ulotda tinglovchilar jurnalistika tarixi, jurnalistikaning ijtimoiy ma’suliyati, jurnalistika fani va uning tarkibi, janrlar bo‘yicha yosh jurnalistlarga tushuntirish berdi.

Shuningdek, tajribali jurnalistlar “O‘zbekiston – 24” telekanalining viloyat bo‘yicha muxbiri Dilmurod Abdurahimov, viloyat teleradiokompaniyasi, radio guruhi bosh muharriri Sayyora To‘xtayevalar til va uslublar, axborot va tahliliy materiallar tayyorlash bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazdi.

– Keyingi yillarda viloyatda yosh jurnalistlar soni ancha kamayib ketdi, – deydi loyiha rahbari Nodira Alimova. – O‘tkazilgan tahlillarimizga ko‘ra viloyatdagi ommaviy axborot vositalarida faoliyat ko‘rsatayotganlar orasida 25 yoshgacha bo‘lgan jurnalistlar atigi olti nafargina. Poytaxtda ushbu yo‘nalishda oliy ma’lumot egallagan yoshlarning aksariyati viloyatga qaytmayotir. Shuning uchun bu sohaga iqtidorli yoshlarni jalb qilish zaruriyati paydo bo‘ldi.

Ushbu zaruriyat tufayli tashkil etilgan “Yosh jurnalistlar maktabi” samara berishiga ko‘pchilik ishonmoqda.