Robototexnika bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazildi

Mamlakatimizda bolalarning robototexnikani o‘rganishi uchun imkoniyatlar yaratilayotgani quvonarlidir.
Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan yoshlarni texnologiya, ilm-fanga qiziqtirish maqsadida muntazam har xil tanlovlar va tadbirlar uyushtirilmoqda.

Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi 224-o‘rta maktabda ilg‘or tajribalarni yoshlarga o‘rgatish, robotexnika bo‘yicha tushunchalar berish maqsadida mahorat darslari, bolalarni robototexnikaga qiziqtirish maqsadida kichik tanlovlar tashkil etildi.


O‘quvchilar yurtimizning iste’dodli va salohiyatli yosh ixtirochilari tomonidan yaratilgan bir qancha robototexnika mahsulotlari bilan tanishdi va ularning ishlash mexanizmi, dasturlash jarayoni haqidagi ma’lumotlarga ega bo‘ldi. Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshida faoliyat yuritayotgan to‘garaklar faoliyati bilan yaqindan tanishib, kichik eksperimentlar o‘tkazishdi.


Robototexnikani o‘rganish bolalarda o‘zlariga ishonchni mustahkamlash, mustaqil ravishda ishlash, xotira va e’tiborni kuchaytirish, aniq fanlarni oson o‘zlashtirish kabi ijobiy xususiyatlarni rivojlantiradi.