Prezident Qarshi davlat universiteti talabasiga 2 xonali uy sovg‘a qildi

Shohida Jo‘rayeva uchun joriy yil omadli keldi. Dastlab O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tavsiyanomasiga ko‘ra, kirish imtihonlarisiz davlat granti asosida Qarshi davlat universitetining xorijiy tillar fakulteti filologiya va tillarni o‘qitish (ingliz tili) ta’lim yo‘nalishiga o‘qishga qabul qilindi.

Prezidentimiz 12-noyabr kuni Qarshi shahridagi Yoshlar markazida bo‘lib o‘tgan qashqadaryolik yoshlar bilan uchrashuvda Shohida Jo‘rayevaga ikki xonali uy sovg‘a qildi. Aytish joizki, yoshlar muammolarini hal qilish, bandligini ta’minlash, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha ochiq muloqotda Shohida Jo‘rayeva Prezidentga yoshlar, yosh oilalarning psixologik madaniyatini oshirish, ularni katta hayotga tarbiyalash maqsadida “Yosh psixologlar” markazini tashkil etish taklifini bildirdi.

—Prezidentimizning yangi ochilgan Yoshlar markaziga tashrif buyurib, biz yoshlar bilan shaxsan o‘zlari muloqot qilishlari cheksiz quvonch bag‘ishladi. Yig‘ilishda yoshlar, yosh oilalarning psixologik madaniyatini oshirish, ularni katta hayotga tarbiyalash maqsadida “Yosh psixologlar” markazini tashkil etish taklifi bilan chiqdim. Ushbu taklif Prezidentga ma’qul keldi, - deydi Shohida Jo‘rayeva. - Shuningdek, o‘zim ham yosh oilalardan ekanligim bois taklifimdan kelib chiqqan holda shu yerning o‘zida 2 xonali uylardan birini sovg‘a tariqasida taqdim qildilar. Bundan boshim ko‘kka yetdi. Sababi oilam bilan tumanda turamiz, universitet esa shaharda. O‘qishga qatnash menga qiyinchilik tug‘dirardi. Shahar markazidan uy olish niyati bor edi va bu niyat davlatimiz rahbari bilan o‘tgan uchrashuvda amalga oshdi.

Ta’kidlash joizki, davlat rahbari bilan kechgan uchrashuvda, shuningdek, yaqinda Serbiyada o‘tgan sambo bo‘yicha jahon chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti talabasi Musharraf Ibodullayeva davlat granti asosida o‘qishga o‘tkaziladigan bo‘ldi.

Yakkabog‘lik Musharraf Ibodullaayeva O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutida shartnoma asosida tahsil olayotgan edi.