Navoiyda faol yoshlar taqdirlandi

Navoiy shahridagi Yoshlar markazida viloyat hokimi K.Tursunov faol yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Karantin qoidalariga qat’iy amal qilingan holda tashkil etilgan uchrashuvda viloyatdagi umumta’lim maktablarini a’lo baholar va namunali xulq bilan tugallagan 20 nafar o‘g‘il-qizga oltin medal, muddatidan oldin oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish huquqini qo‘lga kiritgan 10 nafar maktab bitiruvchisiga hamda kasb-hunar kollejlarini muvaffaqiyatli tamomlab, imtiyozli diplomga ega bo‘lgan 10 nafar yoshlarga viloyat hokimligi tashakkurnomasi topshirildi.
 
 
Tadbirda shuningdek,tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagini bildirgan bitiruvchi-yoshlarga imtiyozli kreditlar ajratish bo‘yicha sertifikatlar, Navoiy davlat pedagogika institutini imtiyozli tugatib, o‘z pedagogik faoliyatini boshlagan 12 nafar, Navoiy davlat konchilik institutini muvaffaqiyatli tugallab, o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha faoliyatini boshlagan 5 nafar bitiruvchiga sertifikatlar taqdim etildi.