NАVOIY VILOYATIDАN SENАT А'ZOLАRI SАYLАNDI

Bugun Navoiy shahridagi “Yoshlar markazi”da Xalq deputatlari Navoiy viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatlari ishtirokida Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati aʼzolari saylovi boʼlib oʼtdi.

Dastavval ushbu muhim jarayonga bagʼishlangan Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatlarining Qoʼshma majlisi boʼlib oʼtdi. Unda Oʼzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi vakili Gulnoza Ismoilova, Navoiy viloyat hokimi Q. Tursunov va mahalliy kengashlarga saylangan jami 345 nafar deputatlari hamda OАV vakillari ishtirok etishdi.

Qoʼshma majlisni ochib berish uchun soʼzga chiqqan G. Ismailova “Yangi Oʼzbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida boʼlib oʼtgan joriy yilgi saylovlarning ochiq va oshkoralik tamoyillari asosida oʼtganligi, siyosiy partiyalar oʼz faolligini namoyon etganligi, ayniqsa aholining huquqiy madaniyati yuksalib borayotganligi saylov jarayonlarida yana bir bor maʼlum boʼlganligi toʼgʼrisida soʼzladi. Ushbu saylovlarda xalq ishonchini qozongan va bugun deputat sifatida saylanganlar uchun masʼuliyatli damlar boshlanganligini alohida eʼtirof etib, ularning kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi hamda ayni damda Oliy Majlis Senati aʼzolarini saylashdek yana bir muhim jarayon oldida turganligimiz ham alohida taʼkidladi.

Majlisda saylangan 13 nafardan iborat maslahat kengashi oʼzaro muhokama natijasida Oliy majlis senati aʼzoligiga nomzodlar nomini koʼrsatishdi.

Sanoq komissiyasi aʼzolari tomonidan tasdiqlangan saylov byulletenlari asosida deputatlar Oliy majlis senati aʼzoligiga munosib deb bilgan nomzodlarni yashirish ovoz berish yoʼli bilan saylashdi.

Shu kunning oʼzida sanoq komissiyasi aʼzolari ovozlarni sanab chiqib, natijalarni eʼlon qildi. Yakuniy natijalarga koʼra, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari orasidan 6 nafar nomzodlar Senat aʼzoligiga saylanishdi. Jumladan,

Tursunov Kobul Beknazarovich Navoiy viloyat hokimi;

Xodjaev Jamshid Baxtiyorovich Oʼzbekiston yoshlar ittifoqi Navoiy viloyati Kengashi raisi;

Tulekova Ziba Tolibekovna Tomdi tumani hokimi oʼrinbosari, Xotin-qizlar qoʼmitasi raisi;

Sharipov Baxodir Mavlonovich “Navoiyazot” aktsiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi;

Orzieva Dilbar Аdizovna Navoiy shahar “Mehribonlik uyi” direktori;

Fayziev Ulugʼbek Ganievich Navoiy shahri “Zarafshon Golden Grup” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischisi.

Qoʼshma majlis yakunida viloyat hokimi Q. Tursunov hamda bir qator deputatlar soʼzga chiqib, yangidan saylangan senatorlarni tabrikladi hamda kelgusi faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tiladi.