Yoshlar ittifoqining kafolat xati yoshlarni sud zalidan to‘g‘ri hayotga qaytarmoqda

Davlatimiz rahbarining yoshlarga sud tomonidan jazo tayinlashda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining kafolat xatiga asosan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo turini tayinlash taklifi ijrosi doirasida 2017-yil 5-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi o‘rtasida “Yoshlar masalalari bo‘yicha o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida“ gi memorandum imzolandi. Memorandum ijrosi doirasida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Toshloq tuman kengashi tomonidan salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Yoshlar ittifoqining Toshloq tumani Kengashi tashabbusi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Toshloq tuman sudi hamkorligida yoshlar bilan ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish borasida ochiq muloqotlarni muntazam tashkil etish yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, yoshlar tarbiyasi bilan bog‘liq bo‘lgan sud ishlarida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Toshloq tuman kengashining ishtirokini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xususan, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshloq tuman sudida adashib jinoyat ko‘chasiga kirib qolgan yoshlar O.Madaliyev va H.Arabjonovlarga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqilishi jarayonida tashkilotning tuman kengashi faollari ham ishtirok etdi. Jinoyat ishi tafsilotlariga ko‘ra, O.Madaliyev va H.Arabjonov bir guruh bo‘lib, hech bir sababsiz bezorilik harakatlari bilan F.Nurmatovning yuz qismiga urib, og‘ir shikast yetkazgan.

Ushbu ish ko‘rilishi jarayonida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Toshloq tuman kengashi raisi jamiyat himoyachisi sifatida ishtirok etib, O.Madaliyev va H.Arabjonovlar sodir etgan jinoyati uchun chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lganliklari, ularning oilaviy sharoitlarini hisobga olib, sudga kafolat xati taqdim etdi. Sud ushbu kafolat xatini inobatga olib, O.Madaliyev va H.Arabjonovlarga nisbatan ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinladi.

Qayd etish kerak, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Toshloq tuman kengashi tomonidan jinoyat ishi sudda ko‘riladigan yoshlarning shaxsi, oilaviy sharoiti, ma’naviy muhitini o‘rganib chiqilib, ushbu shaxsga kafolat xati berish yoki bermaslik masalalarini hal etib kelinmoqda. Agar kafolat bilan ozodlikka chiqariladigan bo‘lsa, uni sog‘lom muhitga qaytarish, o‘qish yoki kasbga yo‘naltirish bo‘yicha aniq va maqsadli individual dasturlar amalga oshirilmoqda.