Webster universitetida “Kamalak” va “Ittifoq” sardorlari uchun seminarlar tashkil etildi

7-noyabr kuni Toshkent shahridagi Webster universitetida Respublika sardorlar forumi doirasida “Kamalak” bolalar tashkiloti raislari, “Kamalak” va “Ittifoq” sardorlari uchun maxsus seminar mashg’ulotlari tashkil etildi. Unda Nizomiy nomidagi pedagogika universiteti “Psixologiya” kafedrasi o‘qituvchisi Nuriddin Ubaydullaev, Volontyorlar maktabi asoschisi A’zamxo‘ja Rasulov, falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuxamedova, “Troll.uz” asoschisi Umid Gafurov, “Yoshlar media markazi” rahbari Ulug‘bek Ismatov kabi tajribali trenerlar tomonidan “Kamalak” va “Ittifoq” sardorlari uchun “Liderlik va jamoa bilan ishlash psixologiyasi”, “Ijtimoiy tarmoqlarda yoshlar bilan ishlash va ularni jalb qilish”, “Ijtimoiy innovatsiya”, shuningdek, “Yosh liderlar mahorati”, “Tanqidiy tafakkurni rivojlantirish”, “Loyihalarni tuzish va boshqarish” kabi mavzularda seminarlar o’tildi.

“Kamalak” bolalar tashkiloti raislari uchun esa “Rahbarning emotsional intellekti”, “Vaqtni boshqarish va maqsadlarga erishish bilim ko‘nikmalari”, “Raqamli asrda insonning o‘rni”, “Yosh liderlarni tarbiyalash jarayonlariga zamonaviy boshqaruv menejmentini joriy etish masalalari”, “Besh tashabbus- besh imkon” kabi dolzarb mavzularda amaliy mashg’ulotlar olib borildi. Qizg’in bahs va munozaralarga boy darslar davomida ishtirokchilar o’z faoliyatida kerakli bo’ladigan ma’lumotlarga ega bo’lishdi.

Yuzlab “Kamalak” va “Ittifoq sardorlarini bir davra atrofida jam qilgan Respublika sardorlar forumi ertaga “Yoshlar press-klubi”da bo’lib o’tadigan Respublika “Kamalak” bolalar tashkiloti sardorlari saylovi va Respublika “Yoshlar ittifoqi” sardorlari saylovi bilan yakunlanadi.