Respublikamiz bo‘ylab “Qizlar ovozi” klublari tashkil etilmoqda

Bugungi kunda mamlakatimiz aholisining qariyb 50 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Tabiiyki, ularning haq-huquqlari va manfaatlarini himoya qilish bugungi kunning dolzarb masalasi hisoblanadi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan xotin-qizlar muammmolariga jamoatchilik e’tiborini qaratish, gender tenglikni ta’minlash, ularning jamiyatdagi o‘rinlarini oshirishga qaratilgan “Qizlar ovozi” I Respublika Forumi o‘tkazilmoqda. Dastlab, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Buxoro viloyatlarida tashkil etilgan forum Xorazm viloyatida davom etdi. Forum doirasida spikerlar qizlarga har qanday holatda ularni qo‘llab-quvvatlaydigan jamiyatda yashayotganlari, har bir vaziyatda erkaklar va ayollar teng huquqligini tushuntirib o‘tishdi.

Birgina Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan forum orqali hududda “Qizlar ovozi” klubi tashkil etilib, unga rahbarlik qilish mas’uliyati ishtirokchi qizlardan biriga ishonib topshirildi. Bundan tashqari, forumda qatnashgan 8 nafar ishsiz yosh xotin-qizlarning bandligi ta’minlandi.

Buxoroda bo‘lib o‘tgan forum 600 nafar ishtirokchilarni bir maqsad atrofida birlashtirdi. Forum davomida spikerlar tomonidan “Yosh xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirish, ularning muammolarini yechishda partiyaning roli”, “Yosh xotin-qizlarni lavozimda o‘stirishning xorij tajribasi”, “Yosh xotin-qizlar mehnatining huquqiy asoslari”, “Internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlar faoliyatini yoritishning muhim xususiyatlari”, “Oilaviy inqirozning kelib chiqish sabablari va undan chiqib ketishning samarali usullari”, “Yosh xotin-qizlarning kiyinish uslublari” mavzularida taqdimotlar qilindi. Forum qatnashchilari ham o‘zlarining qator loyihalari taqdimotini o‘tkazishdi. Yakunda “Qizlar ovozi” klubi Buxoroda ham tashkil etildi.

Mazkur forum bugun Namangan viloyatida, ertaga Farg‘onada, 8-noyabr kuni esa Andijonda o‘z ishini davom ettiradi. Respublikamizning barcha hududlarida o‘tkaziladigan forumda yosh xotin-qizlar o‘zlarini qiziqtirgan savol va takliflar bilan sohani rivojlantirish bo‘yicha aniq masalalarni o‘rtaga tashlashlari mumkin.