Qidiruv-qutqaruv ishlarida qo'l keluvchi qo'lqop yaratgan ixtirochi

Qidiruv-qutqaruv ishlarida qo'l keluvchi qo'lqop yaratgan ixtirochi

Mushtariy Odilova Toshkent davlat texnika universitetining 4-bosqich talabasi. U oʻqish barobarida ilmiy izlanishlar ham olib bormoqda. Tadqiqotlari natijasi oʻlaroq, sanoatda hamda qidiruv-qutqaruv ishlarida qoʻllaniladigan brezent qoʻlqoplarini har jihatdan qulay va chidamli boʻlishini taʼminlaydigan texnologiyani yaratdi.

Hayot faoliyati xavfsizligi yoʻnalishida taʼlim olayotgan Mushtariy ishlab chiqarish korxonasidagi amaliyot chogʻida ishchilar qoʻlqoplarini modernizatsiya qilish kerakligini anglaydi. Bu mavzuni ilmiy tahlil etishga uni ustozi, texnika fanlari nomzodi, dotsent Larisa Petrosova undagan. Loyiha o'tgan yilda poytaxtimizda oʻtkazilgan Xalqaro innovatsion yarmarka doirasida munosib eʼtirof etilgani ham katta natija.
— Qoʻlni himoyalash uchun moʻljallangan hozirgi qoʻlqoplar birmuncha noqulay, — deydi Mushtariy. — Ular standart oʻlchamda chiqariladi, shu bois ish vaqtida turli predmetlarga ilinib qolishi yoki qoʻldan tushib ketishi mumkin. Statistik maʼlumotlarga qaraganda, koʻpgina jarohatlanish holatlari aynan himoya vositasidagi kamchiliklar tufayli yuzaga keladi. Biz yaratgan qoʻlqoplar esa, qon tomirlarini siqmaydi, tross bilan uzoq vaqt ishlanganda ham qoʻlga zarar yetkazmaydi. Asosiysi, tannarxi arzon.
Mushtariyning innovatsion texnologiyasi Belarus va Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamkorligida oʻtkazilgan xalqaro anjumanda yuqori baholandi. Bunday iqtidorli va intiluvchan yoshlarimiz bilan faxrlansak arziydi.

Risolat MADIYEVA

Manba: "Yoshlar ovozi"