Iroda kumush nonozarrachasini oddiy usulda sintez qilib olishga erishdi

Iroda kumush nonozarrachasini oddiy usulda sintez qilib olishga erishdi

Yaratuvchanlik inson tabiatiga xos xislat. Uning eng katta afzalliklaridan biri shundaki, ixtirochining salohiyatini oshirish barobarida, juda katta biznes manbai ham bo'la oladi. Bunday boylikka, albatta o'qish, izlanish orqali erishamiz. Yoshlarni ilmiy faoliyatga keng jalb qilish, ularning innovatsion g'oyalari, ixtirochilik faoliyati, dasturiy ishlanmalarini qo'llab-quvvatlash borasida qator ishlar amalga oshirilayotir. Iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotning muhim omili sanalgan innovatsion texnologiyalarga bo'lgan qiziqishni qo'llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar samarasida bugun yosh olimlar safi kengaymoqda.

Ularning yangidan yangi g'oyalari, yaratayotgan ixtirolari ilm fan taraqqiyotiga, odamlar hayotida yengillik yaratishga xissa qo'shmoqda. Toshkent Farmasevtika instituti tayanch doktoranti Iroda Shermatova bilan suhbatlashganimizda uning fikrlarida teranlik, samimiylikni his qildik. Dori vositalari bozorida sifatni oshirish hamda  mahalliylashtirish masalasiga alohida e'tibor qaratilayotgani soha mutasaddilari zimmasiga katta mas'uliyat yuklaydi. Ilmiy laboratoriyalarda turli o'simlik, giyohlar bilan tadqiqotlar olib borib, yangi preparatlarni joriy qilish bilan band bo'lgan Iroda bugungi kunda farmasevtika sohasining oldida turgan dolzarb masalalardan biri: import hajmini qisqartirib, eksportbop mahalliy dori vositalarni yaratish ekanini yaxshi anglaydi.

Darhaqiqat, biror kasallik bilan og'rigan bemor uchun dori vositalarining qimmatligi yana bir dard. Tarkibida kumush saqlovchi dori vositalari ham anchayin serharajat sanaladi. Iroda kumush nonozarrachasini oddiy usulda sintez qilib olishga erishdi. Bu  O'zbekistonda ilk bor qo'llanilayotgan, qolaversa, judayam arzon metod sanaladi.

— Biz kumush nonozarracha saqlovchi gelni ilk bora dorivor substatsiya sifatida olish texnologiyasini ishlab chiqdik. Gel shaklidagi bu preparat bakteriya va zamburug'larga, allergik toshmalarga qarshi samarali davolashga mo'ljallangan. Yaratilgan vosita sifatli, ta'sir etishi yuqori narxi esa bo'lishi zarur. Sohadagi islohotlar va tadqiqotlardan ko'zlangan maqsad ham shu. Biz mana shu jihatlariga alohida etibor qaratdik. Dori vositamizga ko'plab ishlab chiqaruvchilar qiziqish bildiryapti. Yoshlarga bo'layotgan e'tibor bu yoshlarga bo'lgan ishonchdir. Ishonch men uchun eng katta kuch

Iroda 2020-yilda mazkur dori vositasini olish texnologisi bo'yicha “Innovotsion g'oyalar yetakchisi” ko'krak nishoni bilan taqdirlandi. Shu yili Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi o'rtasida o'tqazilgan “Luchshiy molodoy ucheniy - 2020” tanlovida birinchi o'rinni olib, ko'krak nishoni bilan taqdirlandi. Uning 25 dan ortiq ilmiy maqolalari Hindiston, Ukraina va boshqa davlatlarda chop etilgan.