Islombek: "Mard o‘g‘lon" so‘nggi marra emas

Islombek: "Mard o‘g‘lon" so‘nggi marra emas

Prezidentimiz 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan bir guruh yoshlarni davlat mukofotlari bilan taqdirladi. "Mard o‘g‘lon" mukofotini olganlar orasida yosh ijodkor, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi Islombek Asilbekov ham bor. O‘zA muxbiri I.Asilbekovning taassurotlari bilan qiziqdi.  

- Har qanday rag‘bat hamda e’tibor ortida ishonch yotadi, - deydi I.Asilbekov. - Bugun mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Talaba, yoshlar vakili sifatida ushbu mukofot bilan taqdirlanganim menga juda katta motivatsiya berdi. Shuning barobarida bu ishonch zimmamga katta mas’uliyat yuklamoqda.  

Joriy yil MDH davlatlari o‘rtasida o‘tkazilgan yosh olim xalqaro tanlovida jurnalistika yo‘nalishida birinchi o‘rinni oldim. Qozog‘istonda "Abay yili" munosabati bilan o‘tkazilgan tanlovda faxrli birinchi o‘ringa loyiq topilib, «Abay medali» bilan taqdirlandim. Shuningdek, Qozog‘istonda faoliyat olib borayotgan jahon iste’dodlar uyushmasining muhim xizmatlari uchun medali bilan taqdirlandim, Hindistonda chop etilgan hikoyalarim yosh ijodkorlarga beriladigan «Sahidiya» she’riy adabiy mukofoti bilan taqdirlandi. Bularning barchasi bugun mamlakatimizda e’tirof etildi.  

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining 3-bosqichini tamomladim. Bu davlat mukofoti menga bevosita magistr yo‘nalishi, ya’ni bakalavrni tugatganimdan so‘ng magistraturada 2 yillik grand asosida o‘qish imkonini beradi. Faoliyatimni jurnalistikada davom ettirib, o‘zbek jurnalistikasidagi muammolarni o‘rganib, tahlil qilmoqchiman.  

Ushbu mukofot nafaqat menga, balki mamlakatimizdagi yosh jurnalistlarga berilgan mukofot, deb bilaman. Bu motivatsiya, e’tirof va ishonchga munosib bo‘lishga harakat qilaman. "Mard o‘g‘lon"  oxirgi manzil emas, bu boshlanishi.  Yanada ko‘proq o‘qib, bilimlarimni boyitib,  Vatan taraqqiyoti uchun xizmat qilaman.