Ko‘pning duosi bilan yutuqlarga erishgan yigit

Ko‘pning duosi bilan yutuqlarga erishgan yigit

 

Ijodiy va intellektual salohiyati va ijtimoiy hayotda erishgan muhim natijalari bilan turli sohalarda yurtimiz ravnaqi, iqtisodiyotini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shayotgan, tengdoshlariga o‘rnak va namuna bo‘lib kelayotgan faol yoshlar Prezident farmoniga ko‘ra, orden va medallar bilan taqdirlangan edi.

Yoshlar kuni munosabati bilan mukofotlar o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi.

Ularning orasida Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumanidagi “Ipak yo‘li” qishloq fuqarolar yig‘inida yashovchi oddiy, kamsuqum, kamgap, ammo qo‘l urgan ishini oxiriga yetkazmasa qo‘ymaydigan Komiljon Hatiyev ham bor edi.

Tumanda yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish, ishsiz, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmagan yoshlar bandligini ta’minlash masalalariga har qachongidan ham alohida e’tibor qaratilmoqda.  

Xususan, joriy yilning 27 yanvar kuni Prezidentimiz raisligida “Yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish chora-tadbirlari” muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar asosida joriy yil fevral oyidan buyon 1 ming 884 nafar yoshga 597 gektar yer maydoni ajratib berilib, shulardan “Yoshlar daftari”dagi yoshlar uchun 458 ta ish o‘rni yaratildi.  

“Yoshlar daftari”ga kiritilib, yer berilganlar orasida Mirzacho‘l tumani “Ipak yo‘li” qishloq fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi sharoiti og‘ir bo‘lgan aka-uka Sobir hamda Murod Norbekovlar ham bor edi.

Ularning akasi Komiljon Hatiyev esa juda intiluvchan va tirishqoq yoshlardan bo‘lib, peshona teri, halol mehnat nonini yeb katta bo‘lgan. Ular birgalikda xorijda ishlash fikridan qaytib, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanishga qaror qildi va aka-ukalar birgalikda dalaga bor mehrini, qalb qo‘rini berib ish boshladi.  

Komiljon Hatiyev 3 nafar farzandni voyaga yetkazish bilan birga ukalarini, yonginalarida dehqonchilik qilayotgan “Yoshlar daftari”dagi 18 nafar hamqishlig‘ini mehnatga jalb qilib, ularga dehqonchilikning siru sinoatlarini o‘rgatdi, moddiy qiynalib qolgan yoshlar dalasida hashar uyushtirdi.  

Aka-ukalarning otasi Jovli aka Hatiyev bir necha yildan buyon to‘shakka mixlanib qolgan, I guruh nogironi. Oilaning to‘ng‘ich o‘g‘li Komiljon esa taqdirning mana shu qiyinchiliklari, zarbalarini qo‘rqmasdan o‘z gardaniga olib, ham yotib qolgan otasiga qaraydi, ham dala ishlariga ulguradi, tinim bilmaydi. Uddaburonligi, mehnatsevarligi, mehribonligi bilan ota-onasi, qo‘ni-qo‘shnilari, keksalarning duosini oladi. Ko‘pning duosi esa ko‘kartiradi, deganlaridek Komiljon Hatiyev Prezidentimizning farmoniga ko‘ra “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.

– 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan Prezidendimizning farmoniga muvofiq “Shuhrat” medali bilan taqdirlanganimni eshitganimda, avval butunlay boshqa meni ismi-sharifimga o‘xshash kimdir bor ekanda, deb o‘ylabman, – deydi Komiljon Hatiyev. – Mukofotni olgan o‘zim ekanimni bilgach, o‘zimni yettinchi osmonda his qildim. Men taniqli bo‘lmasam ham u yerda ko‘pchilik tabrikladi. Hayajonim ortdi. Na gapira olaman, na intervyu bera olaman. Nahotki, menday bir yosh yigitning ozgina mehnatini shunchalik qadrlab, e’tirof etib, munosib ko‘rgan bo‘lsa, meni hech kim tanimaydiku, deyman o‘zimga-o‘zim. O‘shanda qalbimda kechgan tuyg‘ularimni ta’riflab bera olmayman. Minnatdorlik, shukronalik, shu yurt farzandi ekanligimdan g‘urur, faxr va eng muhimi oldimga qo‘ygan yanada katta-katta maqsadlar ko‘z o‘ngimdan o‘tdi. O‘zimga o‘xshagan yoshlarga yordam berishga, yanada belni mahkam bog‘lab, ishga kirishishga, Yangi O‘zbekistonimning ravnaqiga o‘zimning munosib hissamni qo‘shishga harakat qilaman. Bu yutuq butun O‘zbekiston, viloyatimiz va tumanimiz yoshlarining yutug‘i deb bilaman. “Har bir yoshga bir gektar” loyihasi doirasida men kabi qishlog‘imiz yoshlariga yerga egalik sertifikati bilan “Quyoshli vodiy” fermer xo‘jaligidagi unumdor yerlardan 1 gektargacha ekin maydoni ajratib berildi. Bu e’tibor, bu imkoniyat biz yoshlarga juda katta ko‘mak, bo‘ldi. Kelajakda o‘z yo‘limizni topib ketishimiz uchun bu imkoniyat deb o‘ylayman.

Ayni paytda, Komiljon Hatiyev ukalari bilan birgalikda ular uchun ajratilgan yerga tarvuz ekkan. Dehqonchilik bilan shug‘ullanmoqda. Bir qaraganda dehqonchilik oson tuyuladi. Jarayonga kirib borgan inson uning mehnatidan tashqari, o‘z vaqtida agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri olib borishi, ekin ekish yo‘l-yo‘rig‘ini bilishi, o‘z vaqtida o‘g‘itlab, sug‘orishi bilan bog‘liq murakkabliklarga bevosita guvoh bo‘ladi. Bu ishning har qancha hadisini olgan kishi ham qiyinchiliklarga duch kelishi tabiiy.

– Dalada ishlayotganimizda, biz, yoshlarning holidan xabar olgani Prezident maslahatchisi Qahramon Quronboyev kelib qoldi, qilgan ishlarimizni ko‘zdan kechirdi, ko‘ngillari yorishib quvonib ketdi, bizdan o‘g‘it masalasida, texnika masalasida nima yordam deb so‘radi, – deydi Komiljdon Hatiyev. – Men, “biz, yoshlarga shunchalik sharoitlar yaratilayapti, imkoniyatlar berildi, yana nimadir so‘rasak uyat bo‘ladi. Ishlasak, mehnat qilsak, bundan ham yaxshi bo‘lishiga ko‘zimiz yetib turibdi”, dedim. Shunda 61 nafar yoshning har biriga alohida e’tibor berilishini aytishgan edi. Ayni paytda ekinlarimizning holati yaxshi, har bir dehqonning tadbiri bo‘ladi, bu yerdan 50-60 million so‘m daromad olishni ko‘zlab turibmiz.  

Darhaqiqat, bugun yurtimizda joriy etilgan “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”, “Temir daftar” kabi ro‘yxatdagilarga e’tiborning o‘ziyoq, odamlarga umid, kelajakka ishonch uyg‘otmoqda. Yurtimizda hech bir inson e’tibordan chetda emasligi, barcha fuqarolarning yaxshi yashashi, ish bilan ta’minlanishi uchun sharoitlar yaratilayotgani islohotlarning yorqin samarasidir. Bugun eng chekka qishloqlarda ham rahbarlar har bir xonadonga kirib, odamlarning, ayniqsa, yoshlarning ahvolini so‘raydigan, muammolariga yechimini topishga harakat qilayotgani quvonarli, albatta. Buni ko‘rib ulg‘ayayotgan yosh avlod mehr-oqibat, insoniylik, mehnatsevarlik tuyg‘ulari asosida ulg‘ayishi, shubhasiz.