“Maqsadim, olimpiya chempioni bo‘lish”

“Maqsadim, olimpiya chempioni bo‘lish”

O‘zbekiston yoshlari chiniqqan, o‘z ustida ishlaydigan, rag‘bat va imkoniyatlardan oqilona foydalana olayotgan yoshlardir. Ular muvaffaqiyat sari qanchalik intilsa, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash ham shu qadar keng va doimiydir.

Ana shunday yoshlar orasida Qarshi davlat universiteti Jismoniy madaniyat fakulteti 4-bosqich talabasi Davurxon Karomatov ham bor. U Paradzyudo bo‘yicha 7 karra O‘zbekiston chempioni, Osiyo chempioni hisoblanadi. Joriy yilning 12-13 may kunlari Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida paradzyudo bo‘yicha Tokio-2020 yozgi Paralimpiya o‘yinlariga muhim reyting ochkolar beruvchi xalqaro Gran-Pri musobaqasida -81 kilogramm vaznda oltin medalni qo‘lga kiritdi. 

Mazkur natija orqali paradzyudo bo‘yicha dunyo reytingida o‘z vazn toifasida 1-o‘ringa chiqdi. U kuni kecha Prezident farmoni asosida “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sohibi bo‘ldi. Ushbu mukofot sohibi O‘zA muxbiriga qalb kechinmalarini gapirib berdi.

– Qashqadaryo viloyati Koson tumanida tug‘ilganman, – deydi Davurxon Karomatov. – Bolaligimdan buyon sportga oshnoman. Yetti yoshimda otam qo‘limdan ushlab kurash zaliga olib borgan. Shu-shu kurashning dzyudo turi bilan muntazam shug‘ullanib kelaman. Albatta boshida qiynalganman. Hatto zalga bormayman, deb uydagilarga xarxasha qilgan paytlarim ham bo‘lgan, lekin keyinchalik o‘zimda sportga bo‘lgan mehr oshdi va bugungi kunga kelib u hayotimning mazmuniga aylanib qolgan.

O‘tgan yillar davomida chekkan mashaqqatlarim samarasiz ketmadi. Dzyudo bo‘yicha o‘tkazilgan mamlakat birinchiligi, O‘zbekiston chempionati va ko‘plab xalqaro musobaqa hamda turnirlarda faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdim. Masalan, 2017 yilda ilk bor paradzyudo bo‘yicha Osiyo chempionatida qatnashib, kattalar o‘rtasida ikkinchi o‘rinni egalladim. 

2019-2020 yillar orasida uch karra katta dubulg‘a turnirida, bir marta Osiyo va Okean orti davlatlari o‘rtasida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdim. 2021 yil may oyida Bokuda bo‘lib o‘tgan paradzyudo bo‘yicha katta dubulg‘a turniri yakuniy musobaqamiz bo‘ldi va shunda paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etish imkonini beruvchi asosiy ochkolarni qo‘lga kiritdim.

Kuni kecha Prezidentimiz bilan bo‘lgan uchrashuv va taqdirlash marosimi menda katta taassurot qoldirdi. Ko‘pchilik faol yoshlar qatorida mening ham qo‘lga kiritgan kamtarona yutuqlarimni yuksak qadrlab, “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirladilar. O‘sha ondagi xursandchiligimni so‘z bilan ifodalab bera olmayman. Guyo nufuzli musobaqada eng yuqori mukofotni olgandek his qildim o‘zimni.

Mukofotni topshirar ekan, Prezidentimiz menga yaqin kelib, sizdan endi oltin medalni kutib qolamiz, dedilar. Menga bildirilgan bu ishonchni Tokio olimpiadasida albatta oqlashga, davlatimiz bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarishga, butun arena bo‘ylab vatanimiz madhiyasini baralla yangrashi uchun bor kuch va imkoniyatim bilan harakat qilaman. O‘sha daqiqalardan boshlab ushbu maqsadim yanada qat’iylashdi. Kelajakdagi eng katta orzu va maqsadlarimdan biri ham olimpiya chempioni bo‘lish.

Darhaqiqat, kechagi uchrashuv biz yoshlarni yanada kuchliroq ruhlantirdi, motivatsiya berdi. Hukumatimiz tomonidan yaratilayotgan bu kabi imkoniyatlar va sharoitlar uchun minnatdormiz.