Milliy dastur va mobil ilovalar yaratayotgan o'zbek yigiti

Milliy dastur va mobil ilovalar yaratayotgan o'zbek yigiti

 
 
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Raqamli iqtisodiyot va axborot texnologiyalari kafedrasi tadqiqotchisi Nurmuhammad Nursaidov bolaligidan ilg'or texnologiyalarga qiziqadi. Ta'limning bakalavr va magistratura bosqichini shu yo'nalishda tamomlagan 27 yoshli qahramonimiz bugunga qadar xalq ta'limi va oliy ta'lim tizimi uchun bir qator foydali dasturlar ishlab chiqib, ularni amaliyotga keng tatbiq etib kelmoqda.

Dasturchilik sohasida o'zini havaskorlar qatoriga qo'shadigan Nurmuhammadning bugungacha erishgan muvaffaqiyatlari oz emas. Bu yo'nalishdagi qobiliyatini talabalik davridayoq namoyon etgan. Uning dizayn tarixi fanidan ishlab chiqqan elektron darsligi o'sha vaqtdayoq katta shov-shuvlarga sabab bo'ldi.

— 2015-yillar edi. O'shanda O'zbekistonda bunday elektron darsliklar nihoyatda kam bo'lgan, — deydi Nurmuhammad Nursaidov. — G'oyamni amalga oshirganimda bu ko'plab talabalar, pedagog va soha mutaxassislarida katta qiziqish uyg'otgani, ularning faoliyatida qulaylik yaratganiga guvoh bo'ldim. Shundan so'ng boshqa fanlardan ham elektron darsliklar ishlab chiqdim. Keyinchalik ushbu dasturlarni boyitib bordim. Endi ularda bir nechta funksiyalar jamlangan bo'lib, nafaqat darsliklardan foydalanish, balki talabalarning bilimini sinash, videodarslar tomosha qilish imkoniyatlari ham bor edi. Undan keyin mobil ilovalar yaratishga qiziqa boshladim. 2016-yilda bunday ilovalar soni juda kam, ularga bo'lgan talab esa yuqori bo'lgani bois, men yaratgan dasturlarga bir zumda qiziqish ortib ketdi. 1 yilda 100 mingdan ortiq yuklab olindi. Bu esa intilishlarimni oshirdi.

Nurmuhammad birin-ketin yirik loyihalarga qo'l ura boshladi. Faoliyatini Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bilan bog'lagach, imkoniyatlari yanada kengaydi. Universitet rektori Qo'ng'irotboy Sharipovning qo'llab-quvvatlashlari ostida bir qancha foydali dasturlar ishlab chiqdi.

8000 dan ortiq atama, tushunchalar uchun ta'rif va izohlar hamda sohada qo'llanuvchi juda ko'plab qo'shimcha ma'lumotlarni o'zida mujassamlashtirgan “Iqtisodiy terminlar lug'ati” mobil` ilovasi yosh yigitning ana shunday yirik  loyihalaridan biri. Mazkur lug'at oliy o'quv yurtlari professor-o'qituvchilari, ilmiy xodim va talabalari, shuningdek, real sektor korxona va tashkilotlarining moliya, hisob, sanoat va ijtimoiy munosabatlar, tashqi savdo bilan shug'ullanayotgan mutaxassis-xodimlari uchun mo'ljallangan bo'lib, qisqa vaqtda uning veb versiyasi (dictionary.tsue.uz) ham ishga tushirildi.

Iqtisodiy terminlarning barini yoddan bilish oson emas. Ba'zan aytilishi ham jo'n bo'lmagan bu so'zlarning izohini tushunish uchun lug'atlarga murojaat qilishga to'g'ri keladi. Ammo katta hajmdagi izohli lug'atlarni ko'tarib yurishning har doim ham imkoni bo'lmaydi. Qahramonimiz ish jarayonida ana shunday qiyinchiliklarga duch keldi. Iqtisodiy terminlar izohini internet orqali izlaganida, yetarlicha ma'lumotlar topa olmadi. Shu vajdan “Iqtisodiy terminlar lug'ati” mobil` ilovasini ishlab chiqishga qaror qildi va bunda asosan universitet kutubxonasi hamda internetdan iqtisodiyotga oid yangi terminlarni yig'ib, ustozlari ko'magida tarjima qildi.

Ilova offlayn tarzda ishlaydi. Qidiruv orqali iqtisodiyotga oid biror so'z yozilgani hamon ekranda uning izohi paydo bo'ladi. Iqtisodiy lug'at foydalanuvchilarga taqdim etilganiga 4 oy bo'ldi. Qisqa fursatda mobil ilovani 5 mingdan ortiq odam yuklab oldi. Hozirda muallif ilovani yanada takomillashtirish hamda ovoz bilan qidirishni joriy etish ustida ish olib boryapti.

Faqat o'zbekcha “gapiradigan” youtube

Qahramonimiz bugunga qadar mobil` ilovalar uchun 15 dan ortiq mualliflik guvohnomalari hamda patentlarni qo'lga kiritgan. Uning Axborot texnologiyalarining barcha soha va yo'nalishlari bo'yicha darslar, videolar, maslahatlar va IT sohasi bo'yicha o'zbek tilidagi manbalardan bepul foydalanishga mo'ljallangan “IT online” mobil ilovasi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga oid “AKT izohli lug‘ati” mobil` ilovasi,  universitetda elektron kitoblarni onlayn o'qish, foydalanish, baholash hamda yuklab olishga mo'ljallangan “ebook.tsue.uz” tizimidan soha mutahxassislari keng foydalanib kelmoqda.

Joriy yilda Nurmuhammad yana bir katta yangilikka qo'l urdi. Minglab ota-onalarning iltimosi asosida “Kids video” mobil` ilovasini ishga tushirdi.

— Raqamli dunyo bizning oldimizga ikki muhim vazifani qo'ymoqda — har bir bola uchun internet tarmog'ining foydasini maksimal darajada oshirish hamda uning salbiy ta'sirini kamaytirish, — deydi yosh dasturchi. — Tahlillarga ko'ra, internetdan foydalanuvchilar orasida bolalar va o'smirlar soni har yili ortib bormoqda. Zamonaviy avlod bugungi davrni dunyo o'rgimchak to'risiz tasavvur etolmaydi. Shu bilan birga, ular, afsuski, ko'pincha tekshirilmagan, sifatsiz, nafaqat kompyuterlari, balki o'zlariga ham zarar keltirishi mumkin bo'lgan xavfli ma'lumotlarni tanqidiy baholashga tayyor emaslar. Shu bois, ularga ijtimoiy tarmoqlar, ayniqsa, tobora ommalashib borayotgan “youtube” platformasi jiddiy tahdid sanaladi. Ushbu platformada bolalar uchun xavfli bo'lgan bannerlar, qalqib chiquvchi oynalar, stsenariy va boshqa metodlardan foydalaniladi. Ana shunday xavflarning oldini olish, bolalarni nomaqbul ma'lumotlardan himoyalash maqsadida “Kids video” mobil` ilovasini ishlab chiqdik.

Ilovada videolar avtomatik tarzda filtrlanadi. Unga faqat saralangan, mentalitetimizga xos, bola ruhiyatini ko'taruvchi o'zbek tilidagi multfilm, kinofilmlar, barcha sohalarda ta'lim beradigan video materiallar, o'g'il-qizlar uchun qiziqarli o'yinlar, ertak, qo'shiq, hikoyalar hamda turli ma'lumotlar joylashtirib boriladi.

Mazkur ilova dizayn va ranglar jihatidan “youtube” platformasiga o'xshash. Muallifning aytishicha, buning o'z sababi bor. Gap shundaki, bola, birinchi navbatda, “youtube”ning asl platformasidan farq sezmasligi muhim ahamiyatga ega. Hozirda mobil ilovani 15 dan ortiq davlatlarda o'zbek oilalari yuklab olmoqda. Shu bilan birga, dasturni takomillashtirish ishlari ham davom etyapti.

Qahramonimiz raqamli iqtisodiyotdan tashqari, axborot texnologiyalari, hozirda rivojlanib borayotgan sun'iy intellekt, robototexnikaga ham qiziqadi. Ayni paytda Raqamli iqtisodiyot va axborot texnologiyalari kafedrasi dotsenti Bobur Vafoev ilmiy rahbarligi ostida “O'quv jarayonini raqamlashtirishda mobil ta'lim muhitini sun'iy intellekt negizida takomillashtirish” mavzusida ilmiy tadqiqot ishi olib bormoqda. Ilmiy faoliyati bilan bir vaqtda dars jadvalini elektronlashtirish, universitetga virtual sayr qilish imkoniyatini taqdim etuvchi dasturiy ta`minot hamda ilmiy izlanuvchilarning choraklik hisobotlarini onlayn topshirishga mo'ljallangan monitoring tizimini yaratish ustida ishlayapti.

Nurmuhammad ota-onasining duolaridan kuch oladi. Universitetda yoshlar uchun yaratilgan ijobiy muhit esa uni yangi maqsadlar sari ilhomlantiradi. Tinib-tinchimas qahramonimiz kelgusida yurtimiz uchun yanada foydali dasturlar yaratib, samaradorlik bo'yicha ularni dunyo reytinglarida yuqori pog'onalarga olib chiqishni maqsad qilgan.

Iroda TOSHMATOVA