23 yoshi olima qiz Zulfiyaxonim izdoshi degan sharafli nomga sazovor bo'ldi

23 yoshi olima qiz Zulfiyaxonim izdoshi degan sharafli nomga sazovor bo'ldi

Yuksaklarga parvoz qilayotgan olima qiz

Zulfiyaxonim izdoshlari


Mamlakatimizning bir guruh iqtidorli qizlari uchun 2021-yilning 3-mart sanasi gʼoyat quvonchli va unutilmas kun boʼldi. Davlatimiz rahbarining “Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash toʼgʼrisida”gi qarori asosida turli sohalarda peshqadamlik, tashabbus va shijoat namunasini koʼrsatayotgan qizlar munosib ragʼbatlantirildi.

Ular orasida Fargʼona politexnika institutining kimyo-texnologiya fakulteti 4-bosqich talabasi Dilnozaxon Tursunova ham bor. Bugun orzu-intilishlari qoʼllab-quvvatlangan, Zulfiyaxonim izdoshi degan sharafli nomga loyiq koʼrilgan olima qizning tolei yorugʼ va havaslidir.

Dilnozaning eng katta yutugʼi uning ilm-fanga cheksiz muhabbati, kitobsevarligi, izlanishlarini roʼyobga chiqarish yoʼlida mehnat va mashaqqatdan choʼchimasligida. Аks holda 23 yoshli yosh olima 30 dan ortiq xalqaro jurnal va ilmiy-amaliy konferentsiyalarda chiqishlar qila olmagan, umumiy kimyo fani boʼyicha xalqaro onlayn olimpiadada gʼoliblar safida boʼla olmas edi.

“Yil talabasi – 2019” Respublika koʼrik-tanlovida “Yilning oʼz mutaxassisligi boʼyicha eng bilimdon talabasi” nominatsiyasi boʼyicha munosib ishtirok etganligi, 2020-yilda “Oʼzbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi” tanlovining viloyat bosqichida “Iqtidorli qizning istiqbolli innovatsion gʼoyasi” nominatsiyasi gʼolibligini qoʼlga kiritgani yosh olimaning dadil odimlarini koʼrsatadi. U yaqinda poytaxtimizda oʼtkazilgan “Lider qizlar” festivalida Fargʼonaning faol qizlari vakili sifatida qatnashdi.

Yosh olimaning 4 ta – “Parranda patlarining afzalliklari va ulardan foydalanish”, “Аnilinni isitish uchun truba ichida truba issiqlik almashinish qurilmasini hisoblash”, “Karbamid ishlab chiqarishning sintez boʼlimi moddiy balansini hisoblash va loyihalash” va “Havo tarkibidagi benzin bugʼlarini aktiv koʼmir yordamida ushlab qolish uchun adsorbtsion kolonnani hisoblash va loyihalash” mavzusidagi innovatsion loyihalari Oʼzbekiston Respublikasi intellektual mulk agentligi tomonidan rasmiy roʼyxatdan oʼtkazilgan.

Institutning Yoshlar ittifoqi boshlangʼich tashkiloti “Yoshlar tadbirkorligi yoʼnalishi” yetakchisi boʼlgan Dilnoza Tursunova ijtimoiy tarmoqda institutning faoli va tashabbuskor qizlarining samarali faoliyati, ilmiy izlanishlari yoritib boriladigan “FarPI qizlarjon” guruhi faoliyatini yoʼlga qoʼygan.

– Ilm olishni, xususan, kimyo fanini mukammal oʼrganishni oʼzimga oliy maqsad sifatida belgilab olganman, – deydi u.

Mazkur mukofot Dilnoza kabi turli soha va tarmoqlarda qobiliyat, imkoniyatlarini roʼyobga chiqarayotgan, taʼlim, fan, adabiyot, sanʼat, sport sohalari hamda jamoatchilik faoliyatida alohida yutuqlarga erishgan qizlarga Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek ulkan jarayonda katta kuch va shijoat baxsh etishi, shubhasiz.