Karomat Ahmadqulova: "O'zim kabi yoshlarga saboq bermoqchiman"

Karomat Ahmadqulova: "O'zim kabi yoshlarga saboq bermoqchiman"

Sirdaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi tomonidan 4-sektor hududida istiqomat qiluvchi kam ta’minlangan, ehtiyojmand, imkoniyati cheklangan, ammo tashabbuskor yoshlar bilan uchrashib, ularning holidan xabar olish, ko‘mak ko‘rsatish borasida xayrli va ezgu ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Ana shunday xayrli ishlarning biri Xovos tumanida amalga oshirildi. Jumladan, hudud sektor rahbari, boshqarma boshlig‘i Jo‘rabek G‘oyibov O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyat kengashi raisi Nargiza Xolboyeva bilan birga tumandagi Farhod mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi, imkoniyati cheklangan Karomat Ahmadqulovaning xonadonida bo‘ldi.

Ikki qo‘li yo‘q, tug‘ma nogiron Karomat Ahmadqulova uyida tahsil oladi. U 4-sinfligidan boshlab rasm chizish, ranglarning jilolanishiga mehri tushgan. Zamonamiz qahramonlaridan bo‘lgan Karomatning qo‘llari bo‘lmasa-da, oyoqlari yordamida rasm chizadi.

Alloh bir tomondan qissa, boshqa tomondan beradi, deganlari shu bo‘lsa kerak. O‘z tengqurlari singari uning imkoniyatlari to‘liq emas, ammo tasviriy san’atga bo‘lgan qiziqishi unga kuch-quvvat, yangi g‘oyalar bag‘ishlaydi.

Yaratganning mo‘jizasini qarangki, ikki qo‘li yo‘qligi Karomatni ijod qilish zavqidan bebahra qoldirmagan. Uning oyoqlari yordamida turli qalamlar, bo‘yoqlar bilan ko‘ngil kechinmalari, aytmoqchi bo‘lgan fikrlarini ranglarda tasvirlaganini anglash qiyin emas.

Ikki qo‘li bo‘la turib, oddiy bir olma suratini chiza olmayotganlar yo‘qmi oramizda? Allohning karomati bilan u chizgan suratlar qarshisida har qanday kishi o‘yga tolishi shubhasiz.

Bu dunyoda mo‘jiza yo‘q, deyishadi. Ammo ikki qo‘li yo‘q o‘spirin qiz Karomat Ahmadqulovaning “Maftunkor ranglar dunyosi” tanlovining tuman, viloyat va hatto respublika bosqichida oyoqlari bilan yaratgan asarlari birinchi o‘rinni egallagani mo‘jiza emasmi? Qolaversa, bu Karomatning yaxshigina qobiliyat, iqtidor egasi ekanligining isbotidir.

Jo‘rabek G‘oyibov va Nargiza Xolboyeva uning holidan xabar olgani borganida, Karomat o‘ziga o‘xshagan imkoniyati cheklangan yoshlarga qiziqishi yuzasidan yetuk mutaxassislar tomonidan malaka saboqlarini tashkil etish tashabbusini bildirgan edi.

Ko‘p o‘tmay, uning istagi amalga oshdi. Bir qator yetuk mutaxassislar qatori O‘zbekiston Rassomlar uyushmasi va Badiiy akademiya a’zosi, iqtidorli rassom Anorqul Boybekov Xovos tumaniga taklif etilib, iqtidorli yosh rassomlar qatori Karomat uchun ham malaka saboqlari tashkil qilindi.

Shu kuni unga 4-sektor rahbarining tashabbusi bilan havaskor rassomlar uchun zarur jihozlar jamlanmasi, rangli akvarel va Karomatning so‘zi bilan aytganda, “sehrli mo‘yqalamlar” in’om etildi.

– Bugun mening orzularimdan biri ushalganidan xursandman, – deydi Karomat ko‘zdagi quvonch yoshlarini oyoqlari bilan artib. – Rassomchilik sohasida bilimlarimni oshirishda malakali, mahoratli ustoz sabog‘ini olish orzuim edi. Ana shunday ustozning mahorat darslarida ishtirok etish, saboq olishga muyassar bo‘ldim. Ustoz kamchiliklarimni ko‘rsatib, nimalarga ko‘proq e’tibor berishim lozimligi xususida juda kerakli tavsiyalarni berdi. Endi maqsadlarim yanayam ulkanlashdi. Kelgusida oliy o‘quv yurtida o‘qib, o‘zim kabi imkoniyati cheklangan o‘quvchilarga saboq berishni niyat qilganman. Yana ota-onamni rozi qilish dilimning eng tubida turgan ulkan orzulardan biri. Prezidentimiz bizni o‘z farzandlaridek ko‘rib, juda katta va keng imkoniyatlar yaratib berayapti. Men bu orzu-niyatlarimga albatta erishaman.

– Karomatning ko‘zlaridagi quvonch yoshlarini ko‘rib, mening ham ko‘zlarimga yosh keldi, – deydi O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyat kengashi raisi Nargiza Xolboyeva. – Uning sabr-toqati, irodasi oldida men doim hayratga tushaman. Anchadan beri uning ijodiy ishlarini kuzatib boraman. Tanlovlar, tadbirlarda doimiy faolligi bilan ajralib turadi. Eng quvonarlisi, bugungi g‘amxo‘rlik va e’tibor uning qalbida shu jamiyatning teng huquqli a’zosi ekanini his etishi, ertangi kunga ishonchi ortishi, yanada yangi asarlar, yangi ijod namunalarini yaratishiga kuch bersa ajab emas.

– Karomatning ijodiy ishlarini kuzata turib, chizgan rasmlarining hoshiyasiga bitilgan “Kishilarning tashqi libosiga emas, ichki dunyosiga qarab baho bering!”, jumlalariga ko‘zimiz tushdi, – deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Jo‘rabek G‘oyibov. – Juda ta’sirlandim. Karomat jismonan imkoniyati cheklangan, ammo u qalban sog‘lom, teran qiz. Undagi qat’iyatni ko‘rib, Karomat ulkan orzulariga yetishishiga to‘la ishonch hosil qildim.

Darhaqiqat, Karomat Ahmadqulova kabi imkoniyati cheklangan yoshlarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatda o‘z o‘rnini egallashiga imkoniyat yaratish borasidagi ezgu, xayrli ishlar insonlarning ko‘nglini tog‘dek ko‘tarishi, shubhasiz.

Bu g‘amxo‘rliklar Karomat kabi tashabbuskor yoshlarimizga ertangi kunga ishonch, kuch, sabr beradi. Bir o‘ksik qalbni shod aylash eng katta savob ishdir.