Shomurod Shopo'latov: "Vaqt sizni muvaffaqiyat sari yetaklaydigan xazinadir!"

Shomurod Shopo'latov: "Vaqt sizni muvaffaqiyat sari yetaklaydigan xazinadir!"

Shomurod Shopo‘latov 2016-yil Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining Matematika fakultetida bakalavr bosqichini imtiyozli diplom bilan tugatib, shu yili magistraturaga ham davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan. Talabalik davridanoq o‘z iqtidori va salohiyatini namoyish etib, harakatchanligi va tirishqoqligi bilan alohida ajralib turdi. Shu ishtiyoqi o‘laroq bir qancha yutuqlarga erishgan. Jumladan, 2012/2013-o‘quv yilida ingliz tili fani bo‘yicha universitet ichki olimpiadasida g‘olib bo‘lgan. Shu bilan birga, iqtidorli talabalarning an’anaviy ilmiy-amaliy anjumanlarida faol ishtirok etib kelgan. 2013-yil mart oyida matematika fanidan o‘tkazilgan universitet ichki olimpiadasi sovrindori hamda shu yili “Russkiy yazыk – yazыk spetsialnosti” nomli talabalar ilmiy konferensiyasida “Eng yaxshi ma’ruzachi” nominatsiyasi g‘olibi bo‘lgan. Shuningdek, 2013-yilning 10-dekabr kuni O‘zbekiston talaba yoshlarining Respublika miqyosidagi an’anaviy ilmiy-amaliy anjumanida ham o‘z ilmiy ishi bilan muvaffaqiyatli qatnashgan.

Shomurod Shopo‘latov 2013/2014-o‘quv yilida ham bir qator natijalarga erishdi. Toshkent axborot texnologiyalari universitetida bo‘lib o‘tgan dasturlash bo‘yicha jahon chempionatining chorak final musobaqasida g‘olib bo‘lib, yarim finalga yo‘llanma oldi. Bu bosqichda esa O‘zbekiston sharafini munosib himoya qildi. O‘z bilimini namoyish eta olishi, mas’uliyati va mehnatsevarligi sabab Universitet iqtidorli talabalari uchun ta’sis etilgan “O‘zMU stipendiyasi” sohibi bo‘lgan. 2015/2016- yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirish qo‘mitasining F-4-31 “Teoriya plyuripotensiala i integralnыe predstavleniya v mnogomernom analize” (Ko‘p o‘lchovli analizda plyuripotensiallar nazariyasi va integral ifodalar) mavzusidagi fundamental davlat ilmiy granti a’zosi bo‘lgan. 2015-yilda “Matematika fanidan saralangan testlar”, “Geometriyaga oid olimpiada masalalari va ularning yechimlari tahlili”, “Matematika fanidan saralangan misollar” (Izbrannыe testы po matematike) nomli uslubiy qo‘llanmalari chop etilgan.

2015/2016-o‘quv yilida Ulug‘bek nomidagi davlat stipendiyasi sohibi bo‘lgan. Amerikaning Troy universitetida 3 oy davom etgan “Math in the classical economics with its applications” (Klassik iqtisodiyotda matematik dasturlar) nomli masofaviy o‘quv kursi faol bitiruvchisi hisoblanadi. 2016-yil 6-yanvar kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida bo‘lib o‘tgan Xalqaro “Ajoyib matematika” festivalida faol qatnashgan. 2016-yil 13-14-fevral kunlari Rossiyaning Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan MDH davlatlari miqyosida o‘tkazilgan matematika fani bo‘yicha X halqaro fan olimpiadasida sovrindorlar qatoridan joy olgan va Universitet tomonidan Tashakkurnoma bilan taqdirlangan. 2016-yil 17-may kuni Respublika miqyosida bo‘lib o‘tgan “Siz Prezident asarlarini bilasizmi?” (O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A.Karimov asarlari bo‘yicha) esselar tanlovida “Eng yaxshi bilimdon” nominatsiyasi g‘olibi bo‘lgan.

2017-yil 18-19-mart kunlari Rossiyaning Moskva shahrida o‘tkazilgan IX Xalqaro matematika fan olimpiadasida 250 dan ortiq ishtirokchilar ichida kumush medaliga sazovor bo‘lgan. 2017-yil 26-iyun kuni O‘zbekistondagi British Council tomonidan ingliz tilini bilish ko‘nikmasini aniqlash uchun tashkil etilgan Xalqaro APTIS imtihonini topshirdi hamda CEFR B2 darajaga ega bo‘ldi. 2017-yil Xorazmda o‘tkazilgan Tahlil va matematik fizika bo‘yicha ikkinchi AQSh-O‘zbekiston konferensiyasida (The second USA-Uzbekistan conference on analysis and mathematical physics) hamda shu yili bo‘lib o‘tgan O‘zbek-Isroil Xalqaro Matematika ilmiy konferensiyasida ingliz tilidagi ma’ruzasi bilan qatnashgan. Shomurod Shopo‘latov O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi qoshidagi Respublika Yosh targ‘ibotchilar guruhi a’zosi hisoblanadi. 2017 yil 18-20 noyabr kunlari Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “Yoshlar oromgohida” bo‘lib o‘tgan o‘quv-seminarida ham faol ishtirok etgan. Ittifoq tomonidan tashkil qilingan “Yoshlar poyezdi” da Qashqadaryo, Surxondaryo va Samarqand viloyatlarining barcha tumanlariga borib, targ‘ibot aksiyalarini o‘tkazishda qatnashgan. Internship 3 oylik malaka oshirish kurslarida koordinator sifatida faoliyat olib borgan.

2017-yil 23-dekabr kuni “Atlas school” tomonidan tashkil etilgan “Math challenge” nomli matematika fan olimpiadasining bosh hakami bo‘lgan. Shu kunning o‘zida “Harakatlar strategiyasi – buyuk kelajagimizning yangi bosqichi” mavzusidagi maqolalar tanlovida “Eng yaxshi maqola” nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. 2017-yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan “Actual problems differential equations and their applications” (Differensial tenglamalar va ularning amaliy muammolari) mavzusidagi Xalqaro konferensiyada hamda Exper lawyers MChJ tomonidan tashkil etilgan Scopus va Clarivate Analytics tizimida maqola chiqarish mavzusiga bag‘ishlangan seminarda ishtirok etgan. 2018-yil 27-aprel kuni esa vazirlik miqyosida o‘tkazilgan “Yosh olimlar tadqiqotlarida innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarning o‘rni” ilmiy-amaliy konferensiyasida “Eng yaxshi ma’ruzachi” nominatsiyasi g‘olibi bo‘lgan. 2018 yilning 21-may-1 iyun kunlari Italiyaning La Sapienza (Rim) shahrida tashkil etilgan Erasmus+ FSAMP grantiga loyiq topilgan. Samarali mehnatlari sabab 2017-2018-o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiyasi hamda “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni sohibi bo‘lgan. 2018-yil 10-11-iyul kunlari Andijon viloyatida tashkil etilgan “O‘zbekistonda innovatsiyalarni rivojlantirish – Andijon yoshlar sammiti” , shu yili 5-6-dekabr kunlari “Gumannaya pedagogika: otvetstvennost kajdogo v oblasti obrazovaniya i vospitaniya – klyuch k schastlivomu buduщemu” Xalqaro forumlarida qatnashib, munosib taqdirlangan.

2019-yilning 30-31-yanvar kunlari Germaniyaning Berlin shahrida tashkil etilgan Xalqaro matematika konferensiyasida o‘z ilmiy ishi haqida ma’ruza o‘qigan. 2019-yil 13-17-may kunlari Buxoro-Samarqand-Toshkentda tashkil etilgan (STEMM) Science – Technology – Education – Mathematics – Medicine nomli Xalqaro konferensiyasida qatnashib imtiyozli sertifikatni qo‘lga kiritgan. 2019-yilning 8-22-iyul kunlari “INTUIT” universitetining “Mathematical analysis. Integration” malaka oshirish kursini tamomlagan. 2019-yil 7-oktyabr kuni butun dunyo matematiklarini birlashtirgan (IYMC) International Youth Math Challenge Xalqaro Matematika onlayn olimpiadasining saralash bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.
2019 yil 13-14 dekabr kunlari Toshkent davlat yuridik universitetida o‘tkazilgan “Leaders forum 2019” forumining “Eng faol delegat”i bo‘lgan. G‘oliblik sari dadil qadam tashlayotgan qahramonimiz fan yo‘nalishi bo‘yicha “Mard o‘g‘lon” Davlat mukofotiga ham munosib topildi.

Shomurod Shopo‘latov hozirda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti “Matematik analiz” kafedrasida o‘qituvchisi sifatida talabalarga bilim berib kelmoqda. Shu bilan birga, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi qoshidagi V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti 2-bosqich tayanch doktoranti hisoblanadi. U ilmiy faoliyati davomida 90 dan ortiq diplom va sertifikatlar bilan taqdirlangan va 40 ga yaqin ilmiy maqolalari chop etilib, 3 ta ilmiy-uslubiy qo‘llanmasi nashrdan chiqdi. Ilmiy izanishlari natijasida n-o‘lchovli Yevklid fazosida yangi singulyar to‘plamlar aniqlab, ular yordamida subgarmonik funksiyalar uchun Privalov teoremasining umumlashmasini isbotlagan. Ushbu to‘plamlarning metrik xarakteristikalarini ham o‘rganish barobarida iqtisodiyotdagi masalalarga matematik modellar yordamida yechim topishga ham harakat qilib kelmoqda. Hozirda u m-subgarmonik funksiyalar uchun integral kriteriyalar olish ustida tadqiqot olib bormoqda.
 
—Vaqt orqaga qaytmaydi. Shuning uchun har bir daqiqadan unumli foydalanishga harakat qiling. Vaqtingizni zoye ketkazmang.Vaqt sizni muvaffaqiyat sari yetaklaydigan xazinadir, faqat bir sharti bor: siz uning har bir lahzasidan oqilona foydalanishingiz kerak! – deydi yosh matematik Shomurod Shopo'latov. — Vaqtingizni 
muntazam va davomli mehnatga sarf eting. Aniq maqsadni oldingizga qo‘yib oling-da, mehnat qiling, ishlang, izlaning. Yaxshi natijani istasangiz, tirishib, sabr-bardosh bilan ishlang.