"Yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish va ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish boʻyicha 5 ta muhim tashabbus" mavzusida yoshlar press-klubi

2019-yilning 17-aprel kuni “Yoshlar press-klubi”da Mamlakatimiz rahbarining Yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish va ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish boʻyicha 5 ta muhim tashabbusini mukammal bajarish boʻyicha Toshkent viloyati Boʻka tumanida amalga oshirilayotgan ishlarga bagʻishlangan konferensiya boʻlib oʻtdi. Unda Toshkent viloyati Boʻka tumani Yoshlar yetakchilari, Sardorlar Kengashi aʼzolari, boʻkalik bir guruh yoshlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Konferensiya muhtaram Yurtboshimiz tomonidan ilgari surilgan Yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish va ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish boʻyicha 5 ta muhim tashabbusni oʻz ichiga olgan yoshlarning taʼlim-tarbiyasi uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratish, maʼnaviy yuksak va intelektual salohiyatli avlodni tarbiyalash, aholi, xususan, xotin-qizlar bandligini oshirish, ular uchun madaniy tadbirlar, kompyuter savodxonligi va internet markazlari sport toʻgaraklari tashkil etish va bu borada amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirish maqsadida tashkil etildi.

Taʼkidlash joizki, Mamlakatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan hayotbaxsh 5 ta tashabbusini mukammal bajarish uchun amalga oshirilishi zarur boʻlgan ishlarni chamalash, tajriba-sinov tariqasida Toshkent viloyati Boʻka tumanida quloch yozgan.
Boʻka tumanida boshlangan tashabbuslarni hayotga tezroq va izchil tadbiq etish, yaratilayotgan dasturlarning hayotiyligini taʼminlash maqsadida aholi taklif va muammolarini oʻrganish boʻyicha tuzilgan respublika ishchi guruhi Boʻka tumanida ish boshladi. Maqsad aniq. Tumanda yoshlar bandligini taʼminlash, ular uchun madaniy tadbirlar, kompyuter savodxonligi va internet markazlari, sport toʻgaraklari tashkil etish, shuningdek, kitobxonlikni ommalashtirish maqsadida mavjud kutubxonalarni inventarizatsiyadan oʻtkazgan holda kitob fondini yaxshilash, kitob doʻkonlari, “book cafe”lar faoliyatini yoʻlga qoʻyish, maʼnaviy tadbirlarni koʻpaytirish, ishsiz ayollarni tikuv va toʻqimachilik sexlariga jalb qilish.

Birinchi kundanoq barcha tuman va shaharlaridan koʻngilli yuzlab hasharchilar jam boʻlishib, belgilangan obyektlarni obod qilishmoqda. Tuman yoshlari uchun 18 mingdan ortiq nusxadagi kitoblar tuhfa qilindi. Boshqa qator tashkilotlar tomonidan ham zamonaviy sport anjomlari va boshqa zarur jihozlar sovgʻa qilindi. Kitob yarmarkasi tashkil etildi.
Tuman yoshlari uchun yangiliklar, qoʻyshimcha qulaylik va imkoniyatlar yaratilmoqda. Xususan, Boʻka tumani markazidagi adirlik ustida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tuman Kengashi uchun yangi bino va kovorking markazi qurilmoqda. Hudud obodonlashtirilib, turli manzarali daraxtlar ekildi.

Boʻka tumanining eng chekka hududlaridan biri hisoblangan “Boʻston” qishlogʻida 3300 nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Ularning 682 nafarini yoshlar tashkil etadi. Hududda yashayotgan yoshlarning bandligini taʼminlash maqsadida uyma-uy yurib suhbat oʻtkazildi. U yerda bir vaqtning oʻzida Xalq kutubxonasi, Madaniyat markazi, Yoshlar hiyoboni, stadion, qishloq oilaviy poliklinikasi tubdan rekonstruksiya qilinayotgan boʻlsa, 300 oʻrinli tikuv-trikotaj fabrikasi yangidan bunyod etilyapti. Birinchi kundan taʼmirlash ishlari boshlab yuborilgan Madaniyat markazi bugun zamonaviy jihozlarga ega, bir-nechta toʻgaraklar faoliyatini yoʻlga qoʻyilgan.
4 mingdan ortiq aholi istiqomat qilayotgan Qoraquduq qishlogʻidagi sobiq shirkat xoʻjaligi binosi taʼmirlanib, yaqin kunlarda Maktabgacha taʼlim muassasasi ish boshlaydi.

Tumaning barcha hududlarida shu kunga qadar shoirlar, yozuvchilar, sanʼatkorlar va maʼnaviyat targʻibotchilari bilan hamkorlikda uchrashuvlar oʻtkazildi.
Yuqorida aytilganidek, bu hayotbaxsh 5 ta tashabbus dastlab, tajriba-sinov tariqasida, Boʻka tumanidan quloch yozishi, bu boradagi keyingi qadamlarda mana shu jarayonda toʻplangan tajriba va xulosalardan foydalanilishi, donishmand xalqimiz taʼbiri bilan aytganda, yetti oʻlchab bir kesish, demakdir.