Yosh kinoijodkorlar kengashining taqdimot marosimi yuzasidan

Joriy yilning 8-avgust kuni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va Kinematografiyani rivojlantirish markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolanib, unda har ikki tashkilot muassisligida “Yosh kinoijodkorlar kengashi” nodavlat notijorat tashkilotining ta’sis etilishi belgilab qo‘yilgan edi.

Kengashga birlashgan yoshlar ishtirokida ijtimoiy ahamiyatga molik kinoloyihalarni amalga oshirishni asosiy maqsad qilgan Yosh kinoijodkorlar kengashi 2017-yilning 31-avgust kuni Adliya vazirligida belgilangan tartibda Davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Kengash a’zolari yoshlar ongi, dunyoqarashi va tarbiyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan zamonamiz qahramonlari obrazini yaratish va ularning targ‘ibotini yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladigan badiiy, hujjatli, multiplikatsion va qisqa metrajli filmlar hamda teleseriallar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadilar.

Yosh kinoijodkorlar kengashining taqdimot marosimida Kengash tomonidan shu kunga qadar amalga oshirilgan loyihalar, jumladan, “Welcome to Bukhara” promo-roligining ishlab chiqarilgani, yaponiyalik mashhur rejissyor Kiyosi Kurosava bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani, Aleksandr Peskov, Vladimir Mashkov kabi bir qator rossiyalik taniqli kinoijodkorlar bilan ijodiy uchrashuvlar o‘tkazilgani, yosh kinoijodkorlarning Xiva shahriga amaliy tashrifi haqida axborot beriladi.

Shuningdek, tadbir mobaynida Kengash tomonidan ishlab chiqilgan va 20-noyabrdan ishga tushurilishi rejalashtirilgan “Art House” loyihasi ham taqdim etiladi. “Art House” – bu ustoz-shogird an’analarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan yirik loyiha bo‘lib, u muntazam ravishda davom etadi.

“Art House”ning ilk faslida O‘zbekistonning eng nomdor hamda tajribali rejissyorlari Rashid Malikov, Jahongir Qosimov, Rustam Sa’diyev, Yolqin To‘ychiyev, Ayub Shahobiddinov badiiy rahbarligidagi 5 guruh o‘zaro sog‘lom raqobatga kiradilar. 

Har bir rejissyor badiiy rahbarligidagi 4 kichik guruhga (ssenariynavislik, rejissura, operatorlik ishi va aktyorlik mahorati yo‘nalishlari bo‘yicha) bo‘lingan 16 nafar yoshlar 3 oy mobaynida bepul tahsil olish va o‘z iqtidorlarini namoyish etish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. 

Kurs so‘ngida Yosh kinoijodkorlar kengashi a’zolari badiiy rahbar boshchiligida qisqa metrajli film suratga oladilar.

Mazkur loyiha o‘zbek kinematografiyasida yangi nom va iqtidorlarni kashf etish, sog‘lom raqobat muhitini yaratish, milliy kinematografiya san’atimizda yuqori saviyali filmlarning yaratilishini ta’minlash, xalqaro festivallarda ishtirok etib, g‘olib bo‘lishga loyiq asarlarni vujudga keltirishga xizmat qiladi.

Guruhlariga tanlov Badiiy rahbarlarning kastingi asosida amalga oshiriladi.

Taqdimot mobaynida jurnalistlar va yosh kinoijodkorlarga yana bir loyiha  “Gildiya” tok-shousining suratga olinishi haqida ma’luot beriladi. Mazkur televizion dastur bugungi kun o‘zbek kinematografiyasining yutuq va kamchiliklarini o‘rganish, yosh kinoijodkorlar faoliyatida uchrayotgan soha muammolarini bartaraf etishga qaratiladi.

Tadbirdan Kengashning cinematograf.uz saytining taqdimoti, qolaversa, shu yilning 27-30-noyabr kunlari “Yoshlar ijod saroyi”da bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan “PROlogue” – yosh kinoijodkorlarining qisqa metrajli filmlari III Respublika festivali hamda uning doirasida bo‘lib o‘tadigan pitching* haqida to‘liq ma’lumotlar joy olgan.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi
Markaziy Kengashi
(0371)241-02-72