O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma olti yilligi munosabati bilan “Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!” shiori ostida o‘tkaziladigan “Yoshlar poyezdi” targ‘ibot aksiyasi yuzasidan

Joriy yilning 13-17-avgust kunlari Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining barcha tuman (shahar)larida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma olti yilligi munosabati bilan “Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!” shiori ostidagi “Yoshlar poyezdi” targ‘ibot aksiyasi tashkil etildi. 

Mazkur aksiyani tashkil etishdan maqsad – O‘zbekiston yoshlar ittifoqining maqsad va vazifalarini targ‘ib etish, yoshlarni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy jarayonlar, demokratik o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishtirish, ularda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik tuyg‘usini shakllantirish va ijtimoiy faolligini oshirish, davlatimiz tomonidan yoshlarga yaratib berilgan imkoniyatlar, shart-sharoitlarni yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib etish, mavjud imkoniyatlardan unumli foydalana olish mas’uliyati ularning o‘z zimmasida ekanligini atroflicha tushuntirish orqali yoshlar o‘rtasida boqimandalik kayfiyatini yo‘qotish, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan, diniy ekstremistik oqimga xayrixoh oila farzandlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga ko‘maklashishdan iborat.

Mazkur targ‘ibot aksiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 5-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi PF-5106-sonli Farmoniga muvofiq o‘tkazildi.

Ushbu “Yoshlar poyezdi”da yosh olim va mutaxassislar, shoir va yozuvchilar, kino va teatr aktyorlari, estrada xonandalari, tadbirkorlar, sportchilar, ijtimoiy soha va ommaviy axborot vositalari vakillari, Yoshlar ittifoqi faollari va “Kamalak” bolalar tashkiloti sardorlaridan iborat targ‘ibot guruhlari Respublikamizning barcha hududlariga chiqib, targ‘ibot tadbirlarida ishtirok etdi.

“Yoshlar poyezdi” har bir hududning barcha tuman (shahar)larida alohida dastur asosida tashkil etilib, uning doirasida quyidagi loyihalar amalga oshirildi:
– “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”, “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni hamda “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori hamda “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishi mazmun-mohiyati, Yoshlar o‘rtasida ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish, diniy aqidaparastlikning oldini olish va yoshlar o‘rtasida tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, bandlik muammosini hal etishga oid amaliy va konsultativ ko‘mak berish mavzularida ochiq muloqotlar o‘tkazildi;

– Targ‘ibot guruhi a’zolari ishtirokida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan ajratilgan kitoblarning hayriya aksiyasi tashkil etilib, unda chekka-chekka qishloqlardagi ta’lim muassasalari, mahallalar, harbiy qismlar va kasalxonalarga kitoblar sovg‘a qilindi;

– Mahallalardagi imkoniyati cheklangan, chin yetim, shuningdek, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari uchun O‘zbekiston yoshlar ittifoqining maxsus sovg‘alari targ‘ibot guruhi a’zolari tomonidan topshirildi hamda tajribali shifokorlarni jalb qilgan holda bepul tibbiy ko‘riklar tashkil etildi.

Shuningdek, har bir tuman va shaharlarda yoshlarning kayfiyatini ko‘tarish maqsadida Muqimiy nomidagi musiqali drama teatri va “O‘zbekkino” milliy agentligi aktyorlari tomonidan spektakl namoyishi bo‘lib o‘tdi.

“Yoshlar poyezdi” targ‘ibot aksiyasi madaniyat va san’at namoyondalari ishtirokidagi konsert dasturi bilan yakunlandi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi

Markaziy Kengashi
Axborot xizmati
(371) 241-02-72