"Zamin tarovati” kitobxonlik tanlovi o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tomonidan Toshkent shahridagi Ahmad Zaki Validiy nomidagi boshqird jamoat madaniy markazi bilan hamkorlikda “Zamin tarovati” mavzusidagi kitobxonlik tanlovi o‘tkazildi.

Tanlovning asosiy maqsadi aholi, shu jumladan, bolalar va yoshlarda fuqarolik burchini anglash, vatanparvarlik, sha’n va qadr-qimmat, shuningdek, bag‘rikenglikka asoslangan millatlararo muomala madaniyati his-tuyg‘usini mustahkamlashdan iborat.

Tadbirda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, Ahmad Zaki Validiy nomidagi boshqird jamoat madaniy markazi mas’ullari, OAV vakillari ishtirok etdi.

Qo‘mita raisining o‘rinbosari Azamat Toshev millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasi ijrosini ta’minlashga doimiy e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Kitob insonning eng yaqin do‘sti va maslahatchisi, aql qayrog‘i hamda bilim manbaidir. Bashariyatning eng muhim kashfiyotlaridan biri bo‘lgan kitob asrlar osha insonning ma’naviy barkamolligiga xizmat qiluvchi vosita sifatida yashab kelyapti.

Qo‘mita faoliyatida yoshlar bilan ishlash ustuvor vazifa etib belgilangan va bu borada yoshlar o‘rtasida kitobxonlik tanlovlari o‘tkazilmoqda.

Anjumanda shuningdek, Ahmad Zaki Validiy nomidagi boshqird jamoat madaniy markazi faoliyati xususida ma’lumot berildi.

Tadbir doirasida barcha ishtirokchilar tanlov shartlari asosida o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi. Jarayon hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi. Tadbir yakunida tanlov g‘oliblari e’lon qilinib, g‘oliblar tashkiliy qo‘mitaning esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Qayd etish joizki, bu kabi tadbirlarning o‘tkazilishi yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, turli millat vakillari o‘rtasida do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.