Yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha “Andijon tajribasi” yaratildi

Mamlakatimizda yoshlar masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Tan olib aytish kerak, Prezidentimiz tashabbusi bilan yoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, ularni qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlarni dunyoning sanoqli davlatlaridagina kuzatish mumkin.

Andijon viloyati aholisining qariyb 58 foizini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. Butun mamlakatda bo‘lgani kabi viloyatda ham yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni o‘z iqtidor va salohiyatlarini yuzaga chiqarishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgan.

Andijonda viloyati hokimi tashabbusi bilan Yoshlar ittifoqi va boshqa mutasaddi idoralar hamkorligida ayniqsa, yoshlar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, bandligini ta’minlash borasida e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda. Mazkur yo‘nalishda o‘ziga xos, samarali tizim yaratildi.

Joriy yil yanvar oyida viloyatdagi 882 mahallada istiqomat qilayotgan 18-30 yoshdagi yoshlar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazildi. So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, viloyat bo‘yicha 43 ming 221 nafar yoshlar hech qanday mehnat faoliyati bilan shug‘ullanmay kelayotgani ma’lum bo‘ldi. Ana shu yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha manzilli reja ishlab chiqildi. Yo‘nalishlar bo‘yicha viloyat hokimining qurilish, investitsiya, qishloq xo‘jaligi, iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, shuningdek, bandlik, soliq, markaziy bank viloyat boshqarmalari rahbarlari mas’ul etib tayinlandi.

Yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha tuman va shahar hokimliklarida hokimlar rahbarligida shtablar tuzildi, viiloyat hokimligida esa tuman, shahar shtablari faoliyatini muvofiqlashtirib boruvchi guruh tuzildi

Bandligi ta’minlangan yoshlar to‘g‘risida taqdim etilayotgan ma’lumotlar viloyat guruhi tomonidan doimiy monitoring qilib borilishi yo‘lga qo‘yildi. Ya’ni ishga joylashgan yigit-qiz qachonki, viloyat bandlik boshqarmasida ishga joylashganligi haqida reyestrga kiritilgandan keyingina ma’lumotlar haqiqiy deb qabul qilindi.

Mazkur tizim asosida amalga oshirilgan ishlar natijasida joriy yilning 20 avgust holatiga uyushmagan yoshlarning 34 ming 806 nafari yoki 80,5 foizining bandligi ularning o‘z xohish va istaklaridan kelib chiqib ta’minlandi. Jumladan, bandligi ta’minlangan yoshlarning 3 ming 88 nafari tikuvchilik va tekstil sohasiga, 1 ming 379 nafari qurilish sohasiga, 11 ming 693 nafari qishloq xo‘jaligi sohasiga, 4 ming 653 nafari davlat korxonalariga, 6 ming 411 nafari xususiy sektorga, 5 ming 551 nafari nonvoychilik, sartaroshlik, kosibchilik, chilangarlik singari turli yo‘nalishlarga ishga joylashdi.

Bundan tashqari, 3 ming 458 nafar yoshlarga 141,5 milliard so‘m kredit ajratish, ularning tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish orqali 5 ming 239 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Viloyatda joriy yil avgust oyida chet davlatlardan qaytgan hamda pandemiya davrida ish joyini yo‘qotgan yoshlarni aniqlash maqsadida qayta xatlov o‘tkazildi. Xatlov natijasida 7 ming 537 nafar yoshlar ish o‘rniga ega emasligi ma’lum bo‘ldi.

Shundan so‘ng dastlabki xatlovda aniqlangan va ish bilan ta’minlanmagan 8 ming 884 nafar hamda yangi xatlovdan ma’lum bo‘lgan 7 ming 537 nafar, jami 16 ming 381 nafar ishsiz yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha yaratilgan “Andijon tajribasi” bo‘yicha aniq va tizimli ishlar olib borildi. Natijada ularning 6 ming 328 nafari yoki 39 foizi bugungi kunga qadar ish bilan ta’minlandi.

Ishsiz yoshlar bandligini ta’minlashda adirliklar hamda bog‘ qator oralaridan yer maydoni ajratib berishga alohida e’tibor qaratilib, bu borada ham tizim yaratildi. Ayni kunga qadar ana shu tizim asosida 4 ming 877 nafar yigit-qizga 658 gektar yer maydoni ajratib berildi. Ana shu hududlarning 106,6 gektar maydonida “Yoshlar bog‘i” yaratilib, ularning orasiga poliz va sabzavot ekinlari ekildi.

Yoshlarning dexqonchilikka qiziqishi, bu borada to‘plagan ilg‘or tajribalar hisobga olinib, viloyatda g‘alladan bo‘shagan yer maydonlaridan 2 ming 403 gektar maydon 13 ming 338 nafar yoshlarga takroriy ekin ekish uchun ajratib berildi.

Takroriy ekin ekish uchun yer olgan yoshlarning 1 ming 180 nafari umumta’lim maktablari bitiruvchisi, 3 ming 17 nafari esa kambag‘al oilalar farzandlaridir.

Bugungi kunga kelib, viloyatda dehqonchilik bilan shug‘ullangan yoshlar qariyb 7,5 milliard so‘m daromad oldi.

Ulug‘nor tumanida baliqchilikni rivojlantirish bo‘yicha 100 gektar yer maydonida intensiv usuldagi baliq boqish uchun sun’iy ko‘llar tashkil etilmoqda. Mazkur yo‘nalishda ish olib borayotgan 42 nafar tadbirkorning 22 nafari yoshlardir.

Shuningdek, Ulug‘nor tumanidan 603 gektar yer maydoni koorporativ foydalanish huquqi asosida dehqonchilik bilan shug‘ullanish istagidagi yoshlarga ajratib berildi. Bugungi kunda viloyatning barcha tuman va shaharlaridan yoshlar kelib, ushbu hududda o‘z bog‘larini barpo etmoqda.

Viloyatda yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, viloyat hokimligi tashabbusi bilan yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish maqsadida ko‘plab seminar-treninglar, biznesni boshqarish va rivojlantirish mavzularda o‘quv yig‘inlari, yirik ishlab chiqarish korxonalariga biznes sayohatlar tashkil etildi.

Umuman, yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha shakllangan “Andijon tajribasi” asosida yuqoridagi kabi ishlar bundan buyon ham izchil davom ettiriladi. Bu eng avvalo, yoshlar daromadini oshirishga, ularning turmush farovonligini yuksaltirishga, provardida mamlakatimiz taraqqiyotini yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.