“Yosh tengdoshlar” loyihasi uchun treninglar o‘tkazilyapti

Nukus shahridagi Prezident maktabi va Samarqand shahridagi Xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirish va qayta tayyorlash markazida o‘quvchi-qizlar uchun “Yosh tengdoshlar” loyihasini amalga oshirish maqsadida seminar-treninglar o‘tkazilmoqda.

Yoshlarga hamrohlik qiluvchi amaliyotchi psixologlar va yoshlar yetakchilari uchun Sog‘lom turmush tarzi, reproduktiv salomatlik, stress boshqaruvi, yumshoq ko‘nikmalar, samarali muloqot va taqdimot, vaqtni boshqarish, ijobiy fikrlash mavzularini o‘z ichiga olgan mashg‘ulotlar 12-16 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tmoqda.

Pandemiya sababli sanitariya qoidalariga amal qilgan holda seminar-treninglarda 20 nafardan o‘quvchi-qiz ishtirok etmoqda. Loyihani amalga oshirish uchun 40 nafar o‘smir-qizlardan iborat trenerlar guruhi shakllantirilgan.

Mazkur seminar-treninglarda ishtirok etgan o‘quvchi-qizlarga tengdoshlik tamoyili asosida hududda joylashgan umumta’lim maktablarida (o‘smir-qizlar uchun) seminar-trening va info-sessiyalarni tashkil etish vakolati beriladi.

Loyiha davomida o‘quvchi-qizlarning “Qizlar salomatlik markazlari” bilan hamkorlikda ishlash tizimini rivojlantirish orqali qizlarning volontyorlik harakati tashkil etiladi.

“Yosh tengdoshlar” loyihasi orqali o‘quvchi-qizlar o‘rtasida erta tug‘ruq, sutsid holatlarining oldini olish, o‘quvchi-yoshlarni oilaviy va ijtimoiy hayotga tayyorlash, sog‘lom turmush tarzi va reproduktiv salomatlikni asrash qoidalariga yoshlarning amal qilishini kuchaytirish, gender tenglikni ta’minlashga erishish ko‘zlangan.

Maqsad o‘quvchi-qizlarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi roli va faolligini oshirish, ular o‘rtasida AKT savodxonligini qo‘llab-quvvatlash orqali sog‘lom turmush tarzini tengdoshlar tamoyili asosida targ‘ib etishdir.

“Yosh tengdoshlar” loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi hamda BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (YuNFPA) hamkorligida tashkil etilmoqda.

Loyiha davomida o‘quvchi-qizlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik Palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokraturasi, vazirlik, idora va tashkilotlarda faoliyat olib borayotgan rahbar ayollar bilan onlayn muloqot qilishi rejalashtirilgan.