Viloyat hokimi imtiyoz asosida talabalikka qabul qilingan qizlarni tabrikladi

Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov Prezidentimiz tashabbusi bilan xotin-qizlarning yuqori ta’lim olish imkoniyatini kengaytirish maqsadida to‘rt foizlik davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan qizlarni tabriklab, sertifikat va esdalik sovg‘alarni topshirdi.

Tadbirda so‘nggi yillarda xotin-qizlarning jamiyatdagi roli va mavqeini oshirish, ularning har taraflama baxtli va hayotdan rozi bo‘lib yashashini ta’minlashga qaratilayotgan yuksak e’tibor o‘z samaralarini berayotgani ta’kidlandi. Gender tengligini ta’minlash yuzasidan keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Ayni paytda viloyat aholisining 1 million 300 mingdan ortig‘ini ayollar tashkil etadi. Ularning 2 ming 652 nafari turli sohalarda rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritmoqda. O‘tgan saylovda vohadan ikki ayol Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, 1 nafari Oliy Majlis Senati a’zosi etib saylangan. Xalq deputatlari viloyat kengashi deputatlarining 17, tuman va shahar kengashlari deputatlarining 90 nafari xotin-qizlardir.

–Davlatimiz rahbari g‘oyasi bilan joriy yilda xotin-qizlarning oliy ta’lim olish imkoniyatini kengaytirish uchun alohida 4 foizlik davlat granti asosida kvota ajratilgani ham ana shunday e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir ifodasi bo‘ldi,– dedi viloyat hokimi.– Albatta, bu imtiyoz davlat granti asosida talabalikka qabul qilingan qizlarimiz zimmasiga mas’uliyatli vazifalarni yuklaydi. Bu ham mamlakatimizda jamiyatimiz gultojlari bo‘lgan xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirishga alohida e’tibor berilayotganiga yaqqol dalildir.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari viloyatda istiqomat qilayotgan 1 ming 681 xotin-qizga oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosidagi tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berdi. Test sinovlari natijasiga ko‘ra, ularning 71 nafari davlat granti asosida talabalikka tavsiya etildi.

Tadbirda ajratilgan imtiyoz bilan davlat granti asosida talabalikka qabul qilinganlar nomidan so‘zga chiqqan qizlar ko‘rsatilgan bunday g‘amxo‘rlik uchun davlatimizga chuqur minnatdorlik bildirib, yuksak ishonchni oqlashga, kelgusida Yangi O‘zbekistonning eng faol bunyodkorlari sifatida xotin-qizlar huquq va manfaatlarini ta’minlab, ijtimoiy faolligini oshirish yuzasidan amalga oshirilayotgan islohotlarga yaqin ko‘makchi bo‘lishga so‘z berdi.