Surxondaryo viloyatidan 16 nafar ko‘ngilli yigit-qizlar "Mehr-saxovat" ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Surxondaryo viloyatidan 16 nafar ko‘ngilli yigit-qizlar "Mehr-saxovat" ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Shu munosabat bilan Termiz shahridagi Yoshlar markazida bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Sh.Olimov, viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, senator O.Soatov va boshqalar joriy yilda dunyoga chang solgan pandemiya davrida yuzaga kelgan havf- xatarga qarshi samarali kurashish hamda uning oqibatlarini bartaraf etishda vohaning ko‘ngilli yoshlari ham faol ishtirok etganini alohida ta’kidladi.

Mamlakatimizda karantin qoidalari joriy etilgan paytda ular hamjihatlik bilan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni umumxalq harakati darajasiga ko‘tarish, beg‘araz homiylik ko‘rsatish va boshqa ezgu amallari bilan joylarda tinch, osuda hayotni ta’minlashda ko‘pchilikka namuna bo‘ldi.

Koronavirus infeksiyasi jahon ahlini jiddiy sinovdan o‘tkazayotgan bir paytda saxovat tadbirlarida faol ishtirok etib, fidoyilik ko‘rsatgan ko‘ngilli yoshlarning bir guruhi munosib rag‘batlantirilgani ham ular ko‘rsatgan mardlik va jasoratning alohida e’tirof etilganiga yaqqol dalildir. Jumladan, viloyatda tashkil etilgan «Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi»da 250 ga yaqin volontyor faoliyat yuritib,

hududlarda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlami, boquvchisi bo‘lmagan keksalarga, kam ta’minlangan oilalarga, karantin sababli kunlik daromad manbaini yo‘qotgan odamlarga ko‘maklashib, turli oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa kundalik ehtiyoj mahsulotlarini o‘z vaqtida yetkazib berishga ko‘maklashdi.

Tadbirda ko‘krak nishonlari o‘z egalariga topshirildi.