Rasmiy munosabat

Oʼzbekiston yoshlar ittifoqi muassisligidagi Yosh huquqshunoslar Kengashi NNT tomonidan

Kafolat xati” taqdim etilgan “13 marta pichoqlangan shaxs” voqeasi yuzasidan

        Oʼzbekiston yoshlar ittifoqi muassisligidagi Yosh huquqshunoslar Kengashi NNTga 2020-yil 28-sentabrda Dilnoza Аnvarxonova farzandi Umarxon Аnvarxonovga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi, 2-qismi “v”, “e” bandlari bilan jinoiy ish qoʼzgʼatilganligi sababli “Yoshlar kafilligi”ni soʼrab murojaat qilgan.

      Fuqaro Oʼzbekiston Repsublikasi Oliy sudi hamda Oʼzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining 2017-yil 5-dekabrdagi yoshlar masalasiga oid imzolangan oʼzaro hamkorlik Memorandumi tartibiga koʼra, talab etiladigan barcha hujjatlarni taqdim qilgan. Jumladan, sudlanuvchining turar joyidagi mahallasidan kafolat xati, pasport nusxasi, tergov organi tomonidan ayblov xulosasi, jabrlanuvchining onasi(qonuniy vakili) Umida Djalilovaning sudlanuvchiga nisbatan daʼvosi yoʼqligi hamda yetkazilgan zarar qoplanganligi haqidagi tilxat taqdim qilingan.

        Sudlanuvchi U.Аnvarxonov ishi Jinoyat ishlari boʼyicha Olmazor tuman sudi tomonidan jinoyat ishi mazmunan koʼrilgan. Yosh huquqshunoslar Kengashiga jabrlanuvchining onasi Umida Djalilova shaxsan oʼzi murojaat qilib, sudlanuvchi U.Аnvarxonovga nisbatan daʼvosi yoʼqligini, bu haqda Markaziy Kengash nomiga oʼz xohishi bilan ariza ham yozib kelganligini, sudlanuvchi U.Аnvarxonovga sud majlisiga Kafolat xati bilan vakil borishini soʼrab, hozirda oʼzaro nizo yoʼqligini maʼlum qilgan.

        2017-yil 5-dekabrda imzolangan Oʼzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oʼzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi oʼrtasida yoshlar masalalari sohasida oʼzaro hamkorlik toʼgʼrisidagi Memorandumning “Jinoyat ishi sudda koʼrilayotgan yoshlarning shaxsini, oilaviy sharoitini, maʼnaviy muhitini oʼrganib chiqish hamda ushbu shaxsga kafolat xati berish tartibini belgilovchi Qoida”ning 8-bandiga koʼra, sudlanayotgan yoshning muqaddam sudlanmaganligi, yetkazilgan zarar qoplanganligi haqida tilxat mavjud boʼlsa, Yoshlar kafilligi berilishi koʼrsatilgan.

       Shunga koʼra, Respublika Yosh huquqshunoslar Kengashi tomonidan ushbu hujjatlar oʼrganib chiqilib, sudlanuvchi U.Аnvarxonovga “Kafolat xati” berilgan. Lekin shunga qaramay, U.Аnvarxonovga nisbatan qonunda belgilangan tartibda, 2020-yil 4-noyabr kuni Jinoyat ishlari boʼyicha Olmazor tuman sudi tomonidan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm eʼlon qilingan. Sud hukmida ham jabrlanuvchining sudlanuvchiga eʼtirozi yoʼqligi koʼrsatilgan.

      Izoh: Oʼzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi ichki lokal hujjatiga koʼra, “Yoshlar kafilligi” masalasi Oʼzbekiston yoshlar ittifoqi muassisligidagi Yosh huquqshunoslar Kengashi NNT tomonidan yoshlarga berilishi belgilangan.

     Yuqoridagi holat boʼyicha sudlanuvchiga nisbatan jabrlanuvchining eʼtirozi yoʼqligi toʼgʼrisidagi tilxat, ayblov xulosasi va sud hukmi nusxalari Yosh huquqshunoslar Kengashi hujjatlar yigʼma jildida mavjud.