Qoraqalpog'istonda  “Eng kitobxon maktab” aniqlandi

Avval xabar qilganimizdek, Qoraqalpog‘iston maktablarida “Eng kitobxon maktab” loyihasi doirasida kitob yarmarkalari o‘tkazilmoqda. Tadbir Mo‘ynoqda yakunlandi va Qo‘ng‘irot tumanida davom etmoqda. 

“Kitob markazi” – “Kitob dunyosi” kitob tarmoq markazlari mutaxassisi I.Axundjanovning ma’lum qilishicha, kitob yarmarkasiga tuman xalq ta’limi bo‘limi sust qaragan, maktablarning ishtirok etishi past. Nisbatan Mo‘ynoq tumanida tadbir yaxshi o‘tgan. Tuman hokimining o‘zi ham bunga katta qiziqish bildirgan. 

Tadbir barcha tumanlar va Nukus shahrida o‘tkaziladi. 

Savdo yarmarkalari karantin qoidalariga to‘liq rioya qilingan holda maktab sport zali yoki majlislar zalida, har kuni bir vaqtda (ertalab soat 10:00dan-17:00gacha), imkoniyatlardan kelib chiqqan holda 10-20 ta maktabda o‘tkaziladi. 

Loyiha doirasida o‘tkaziladigan kitob yarmarkalari davomida o‘quvchilar, ularning ota-onalari va o‘qituvchilar e’tiboriga o‘zbek, qoraqalpoq va rus tillarida chop etilgan 1500 xildagi sifatli kitob mahsulotlari taqdim qilinadi. 

Eslatib o‘tamiz, loyiha yakunida “Iqtidorli o‘quvchi”, “Eng faol kutubxonachi”, “Faol maktab direktori”, “Eng faol OAV xodimlari”ga, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi doirasida qayd etilgan umumiy natijalarga ko‘ra, 2 va 3-o‘rinlarni egallagan tuman xalq ta’limi bo‘limlariga qimmatbaho sovg‘alar, “Eng kitobxon maktab” loyihasida g‘olib chiqqan eng kitobxon tuman xalq ta’limi bo‘limiga esa “NEXIA-3” avtomobili tantanali ravishda topshiriladi. Bundan tashqari, eng ko‘p kitob sotib olingan maktabga “SPARK” avtomobili sovg‘a qilinadi.