Namanganda Prezident maktabi ochildi

Bugun Namangan viloyatida zamonaviy taʼlim dargohi - Prezident maktabining tantanali ochilish marosimi boʻlib o'tdi. Unda O'zbekiston yoshlar ittfoqi Markaziy Kengashi raisi A. Sa'dullayev, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori S. Boboxoʻjayev, Namangan viloyati hokimi X. Bozorovlar ishtirok etdi.

80 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ evaziga qurilish va jihozlash ishlari amalga oshirilgan zamonaviy loyiha asosidagi maktab binosi 168 oʻringa moʻljallangan boʻlib, undan ikki qavatli oʻquv binosi, oshxona, uch qavatli yotoqxona, xorijlik oʻqituvchilar uchun 15 oʻrinli mehmonxona oʻrin olgan. Innovatsion yondashuv asosida barpo etilgan sport zali va suzish havzasi kelajagimiz egalarining jismoniy chiniqishiga xizmat qiladi. Oʻquv xonalari 16 ta interaktiv doska va tablolar, shuningdek, 36 ta kompyuter jamlanmasi va boshqa texnik jihozlar bilan taʼminlangan.

Maktabda taʼlim jarayonini tashkil etish boʻyicha Cambridge universiteti bilan hamkorlikda oʻquv rejalari va dasturlar ishlab chiqildi. Oʻquv mashgʻulotlari yuqori malakali oʻqituvchi va murabbiylar tomonidan olib boriladi. Shu maqsadda xorijiy mutaxassislarni ishga yollash boʻyicha xizmat koʻrsatuvchi xalqaro rekruting kompaniyalari tomonidan 11 nafar chet ellik pedagoglar tanlab olindi. Shuningdek, boy tajriba va malakaga ega boʻlgan 20 nafar mahalliy oʻqituvchilar ham taʼlim jarayonlariga jalb etildi.

Oʻquvchilarga tahsil berishda STEAM yondashuviga oid darslik va oʻquv qoʻllanmalaridan foydalaniladi. UlarCambridge university,Oxford university pressva Collins singari nufuzli nashriyotlar tomonidan taqdim etilgan.

Aytish lozimki, kelajagimiz egalarini xalqaro andozalar darajasida oʻqitiladigan taʼlim dargohida eng iqtidorli o'quvchilar tahsil oladi. Joriy yilning iyul oyida ularni saralash va tanlab olish boʻyicha imtihonlar oʻtkazilgan. Saralash bosqichida 7682 nafar oʻgʻil-qiz oʻz bilimini sinovdan oʻtkazgan boʻlsa,ikkinchi bosqichda 2875 oʻquvchi hal qiluvchi imtihonni topshirdi. Cambridge Assesment international Edication (Buyuk Britaniya) tashkiloti tomonidan eʼlon qilingan yakuniy roʻyxatga koʻra 144 nafar oʻquvchi maktabning 5-10 sinflarida tahsil oladigan boʻldi.