Nukusda qurilayotgan IT park filialida 700 dan ziyod ish o'rni yaratiladi

Nukus shahrida qurilayotgan 16 qavatli binodan iborat IT-park filialida 700 tadan ortiq yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Umumiy maydoni 14 ming 792 metr kvadrat bo‘lgan mazkur binoda IT-markaz, kibersport, robototexnika, IT-laboratoriyalar, konferens-zallar, o‘quv xonalari, kovorking markazlari va ofis binolari joylashtiriladi. 

Qavatlar taqsimotiga ko‘ra: 1-2-qavatlar – qabulxona, xavfsizlik va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘limidan iborat. Bu yerda IKT muzeyi, ko‘rgazma maydonchasi, kutubxona, xizmat ko‘rsatish markazi, IT-mahsulotlar savdo maydonchasi bo‘ladi. 

3-4-qavatlar – biznes xizmatari: bank, konsalting, bosmaxona, media-studiya, serverler bo‘limi va boshqalar. 5-qavat – katta va kichik konferensiya zallari. 6-8-qavatlar – seminar zallari, IT markazi, o‘quv xonalari, kovorking zonasi (inkubator/akselerator), VR/AR laboratoriyalari, 3D, Robotex, ye-sport va boshqalar. 9-14-qavatlar – biznes ofislar, majlis xonalari. 15-16-qavatlar esa IT mehmonxonasi, restoran, sport kompleksi bo‘lishi rejalashtirilgan. 

Filialda “One Million Uzbek coders” platformasida ro‘yxatga olingan yoshlar faoliyat ko‘rsatadi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholisi 1,9 milliondan ortiq kishini tashkil etib, shundan 57 foizi yoshlar hisoblanadi. “One Million Uzbek coders” platformasida 2 ming 257 dan ziyod yosh yigit-qizlar ruyhatdan o‘tdi va 378 nafar talaba kursni tugatib, o‘z sertifikatlariga ega bo‘lishdi. 

Mazkur loyihani aholi va yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasida mavjud Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari hamda hududdagi umumta’lim maktablarda axborot posterlari joylashtirildi. 

16 qavatli bino Nukusdagi eng baland bino hisoblanadi. Filial qoshida yana 16 qavatli ikkita turor joy binosi ham qad rostlamoqda. 

Eslatib o‘tamiz, davlatimiz rahbari Qoraqalpog‘istonga tashrifi chog‘ida ushbu ko‘p qavatli uy-joylar va IT-parkni borib ko‘rdi. 160 ta xonadonga mo‘ljallangan ikkita 16 qavatli turar joy majmuasi 2021 yilda bitkaziladi. Xonadonlar yashash uchun tayyor holda topshiriladi.