Namanganlik yosh olimlar yod va temir moddasi o‘rnini bosadigan sukatlar tayyorlash texnologiyasini ishlab chiqdi

Namangan Davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 avgustdagi “Yoshlarni ilm-fan soxasiga jalb etish va ularning tashabbuslarini qo‘llab quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash borasida bir qator izchil sa’y-harakatlar qilinmoqda. 

Yaqinda, oliy ta’lim dargohining biotexnologiya fakulteti talabalari yong‘oq, tarvuz, qovun, oshqovoq, anor, sitrus po‘choqlari va sabzavotlarni qayta ishlab, ulardan turli xil shifobaxsh, arzon, tabiiy sukatlar tayyorlash texnologiyasini ishlab chiqdilar. 

Qayd etilishicha, mazkur mahsulotlardan yong‘oq po‘chog‘i sukati yod va temirga boy bo‘lib, inson organizmini ushbu mineral moddalarga bo‘lgan talabini qondiradi. 

Bundan tashqari, bu sukatlar pektin, klechatka, vitaminlar, minerallar va oziqaviy moddalarga boy.


- Universitet talabalarning ushbu tadqiqotlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Innovatsion rivojlantirish vazirligi ham ilmiy-tadqiqot ishlarini davlat buyurtmasi talablariga muvofiq yoshlarning amaliy va innovatsion loyihalari tanlovini e’lon qilib, ularni bu tadqiqotlarini amaliyotga qo‘llash va ommalashtirish ishlariga yordam berishni boshlagan, - deydi NamDU matbuot kotibi Shoira To‘xtaboyeva. 

Shuningdek, vazirlik O. Mamatqulov, M. Dadamirzayev, R. Akramboyev, B. Toshpo‘latov, U. Narzullayev, N. Ikromov, N. Bahriddinov, Sh. Otaxonov kabi yosh olimlarning amaliy tadqiqotlari natijalarining startap loyixalarini Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-qo‘vvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirishni ham rejalashtirgan. 

Ta’kidlash joizki, mazkur e’tiborga molik loyihani ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yilishi eng avvalo, aholi salomatligini mustaxkamlash, tabiiy mahsulotlar assortimentini kengayishi, turli kimyoviy qo‘shimchalar bilan ishlab chiqarilgan hamda yog‘ va kraxmaldan tayyorlangan mahsulotlar o‘rnini bosishga xizmat qiladi.