Kinoshunos Feruza Nodirova: “Scorpion” filmi oʻzbek kinosida yangi qadam

Kinoshunos Feruza Nodirova mazkur kartina haqida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi:

— Film janr nuqtai nazaridan professional darajada ishlangan. Voqeliklar asta-sekin rivojlanib borib, kulminatsiyaga va yechimga tomoshabinni olib kiradi. Kartinada jangari janrning xususiyatlaridan toʻliq foydalanilgan. Oʻtkir syujet, dramatik holatlar, bugungi kun voqeliklari oʻzaro uygʻunlashib, yaxlit kartinani asoslaydi. Filmning tasviriy yechimi, kadrlar kompozitsiyasi, rang korreksiyasiga ham yuqori baho berish mumkin. Filmga jiddiy tayyorgarlik koʻrilgani va katta mehnat sarflangani yaqqol koʻzga tashlanadi. Yosh kinoijodkorlarning murakkab vazifani oʻz zimmalariga olganini faqat olqishlash kerak. Dunyo kinematografiyasi vakillarining “Scorpion” filmiga jalb etilgani ham filmning yutugʻidir.

“PROlogue” kinofestivalining yopilish marosimida rejissyor Janik Fayziyev taʼkidlaganidek, hadeb “mevali daraxtga tosh otmasdan” yoshlarning xayrli qadamini qoʻllab-quvvatlash kerak, nazarimda. Filmning kamchiliklarini inkor etmagan holda yosh kinoijodkorlarning jurʼatiga tan berish kerak. Toʻgʻri, ayrim xollarda syujet davomida voqealar dinamikasi sustlashgan, dramatik holatlar toʻliq ochilmay qolgan epizodlar ham bor. Buning oqibatida ayrim qahramonlarning kechinmalariga ishonish qiyin. Lekin umumiy syujet yoʻnalishi tomoshabin eʼtiborini filmning soʻnggi epizodigacha ushlab turadi.

Yoshlarning oʻz nuqtai nazari, uslubi va faqat oʻzigagina xos imzosi borligi tabiiy holat. Rejissyor Muxlisa Azizova mavzuga oʻz nuqtai nazari va uslubi bilan yondashdi. U qahramonlarini ana shunday rakursda va talqinda koʻradi. Buning uchun esa u zamonaviy kinotexnologiyaning soʻnggi imkoniyatlaridan foydalandi, qahramonlari obraziga aynan shu aktyorlarni munosib koʻrdi. Aktyorlar ijrosini ham ijobiy baholash mumkin. Isteʼdodli yosh aktyorlar Akbarxoʻja Rasulov va Yulduz Rajabovaga shu janrda ishlashga, oʻz ijodiy potensialini yanada ochishga imkon berdi.

Yoshlarimiz kinoteatrlarda namoyish etilayotgan sifatsiz, saviyasi past, yengil-yelpi, bachkana filmlarni ham koʻryapti. Bu saviyasizlikka va bachkanalikka alternativa boʻlgan kartinani koʻrgani afzalroq. Toki kinoda plankani yuqoriroq qoʻyayotgan, ishlashga, ijodga ishtiyoqi baland boʻlgan yosh kinoijodkorlarimiz borligi quvonarli hol. 

Manba:uz24.uz